Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati Zomin tumanida Xitoyning “Mingyuan” kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilayotgan texnoparkdagi ilk investitsiya loyihalari qurilishiga start berdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Maxsus sanoat zonasi uchun 400 gektar yer maydoni ajratilgan. Uni infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlanib, 160 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

зомин, texnopark

Bu boradagi amaliy ishlar avvalroq boshlangan bo‘lib, 30 dan ortiq loyihalar shakllantirilgan. Ularga xitoylik investorlar tomonidan 1,2 milliard dollar investitsiya yo‘naltiriladi.

“Mazkur zonada tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar chiqaruvchi korxonalar tashkil etiladi. Xususan, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari, mebelsozlik, oziq-ovqat va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishdagi loyihalar amalga oshiriladi. Natijada 5 mingdan ortiq ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, 4,7 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi hamda 70 million dollarlik eksport salohiyati yaratiladi”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, texnopark hududida Xalqaro tajriba almashinuv injenerlik markazi tashkil etilib, sanoat korxonalari uchun shu yerning o‘zida malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

зомин, texnopark

Shuningdek, ushbu hududda ofis markazi, turar joylar, ekobog‘, ko‘rgazmalar zali va savdo markazi barpo etiladi. Marosimda davlat rahbari ramziy tugmani bosib, texnoparkdagi ilk investitsiya loyihalari qurilishini boshlab berdi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishida ishbilarmonlarga muvaffaqiyatlar tiladi.