Toshkentda erkak 11 yoshli qizga jinsiy zo‘ravonlik qilishda gumonlanmoqda. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 31 yashli A.K. rasmiy nikohi bekor qilinmagan ayolni o‘ziga ikkinchi xotin qilib olgan va uning voyaga yetmagan 11 yoshli qizini muntazam zo‘rlab kelgan. Bu bilan bir vaqtda, o‘zining qonuniy xotini va 5 nafar farzandi bo‘lgan.

U “rad etib bo‘lmas” dalillar bilan qo‘lga olingan. Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda 14 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

“Agentlik rahbariyatining aralashuvi bilan bolaning huquqlari poymol bo‘lishi oldi olindi. Hozirda jabrlanuvchiga zarur tibbiy, psixologik va ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatilmoqda”, — deyiladi xabarda.

MILITSIYA UZB Telegram kanali qo‘lga olingan A.K. Militsiya tv kanalining (ikki kanal bir-biri bilan bog‘liq emas) admini ekanini aytmoqda. Bu ma’lumotni “Gazeta.uz”ning davlat idoralaridagi bir qancha manbalari ham tasdiqladi.