Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets Jahon chempionati-2026 uchinchi saralash bosqichiga qur’a tashlash natijalariga munosabat bildirdi.

“Barcha o‘yinlar qiyin bo‘ladi, jamoalar teng. Safar e’tibori bilan O‘zbekistonga yaqin masofada joylashgan mamlakat terma jamoalari tushgani yaxshi bo‘ldi. Bugundanoq tayyorgarlikni boshlashimiz kerak”, — dedi u.

Mutaxassis Qatar bilan o‘yin haqida ham gapirdi.

“Qatar juda yaxshi jamoa, oxirgi Jahon chempionati ishtirokchisi, uzoq vaqtdan beri bir xil tarkibga ega. Ularni hurmat qilamiz. Biroq asosiy e’tibor, fokus o‘zimizga qaratiladi. Muxlislardan oxirgi o‘yindagi kabi qo‘llab quvvatlashlarini so‘rayman. Ular bizni qo‘llasa albatta yaxshi natijaga erishamiz”, — dedi jamoa murabbiyi.

Srechko Katanetsning fikricha, O‘zbekiston jahon chempionatiga chiqa oladi.

“Mundialga yo‘llanmani qo‘lga kiritishimizga to‘liq ishonaman, mag‘lubiyatsiz seriyada ketyapmiz. Futbolchilar jarohat olmasdan, o‘z klubida doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishlari juda muhim”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Srechko Katanets boshchiligidagi ketma-ket mag‘lubiyatsiz o‘yinlar soni (Osiyo kubogi chorak finalida Qatardan penaltilar seriyasidagi mag‘lubiyatni hisobga olmaganda) 13 taga yetdi.

2026-yilgi jahon chempionatiga saralashning 3-bosqichiga qur’a tashlash natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston “A” guruhidan joy olib, Eron, Qatar, BAA, Qirg‘iziston va KXDR terma jamoalari bilan o‘ynaydigan bo‘ldi. Uchrashuvlar 5-sentabr kuni boshlanadi.