Yandex Go taksi xizmati Xorazm viloyatining Urganch va Xiva shaharlarida ishga tushdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

“Boy madaniy merosga ega, sayyohlar oqimi ko‘p bo‘lgan Xiva shahrida tarixiy joylarni ko‘rish istagida bo‘lganlar uchun mazkur xizmat orqali sayohatlar qulay bo‘ladi. Muhim transport markazi bo‘lgan va aeroport joylashgan Urganchda Yandex Go sizga shahar bo‘ylab qulay va tez harakatlanish imkonini beradi. Bundan tashqari, xizmatning ishga tushirilishi transport infratuzilmasini yaxshilaydi va mintaqaning iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi”, — deydi Yandex Taxi kompaniyasining MDH mamlakatlarida rivojlanish bo‘yicha direktori Kirill Svinsov.

yandex go, урgaнч, хиva

Foydalanuvchilar boradigan manzilini kiritish va tegishli tarifni tanlash orqali mobil ilova orqali taksi chaqirishi mumkin. Ilovada avtomobilning yetib kelish vaqti, haydovchi va avtomobil modeli haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.

Sayohatlar uchun yo‘l haqini naqd pulda yoki ilovaga bog‘langan karta yordamida to‘lash mumkin. Xiva va Urganchga sayohatning minimal narxi 2500 so‘mdan boshlanadi.

Yandex Go O‘zbekistonda 2018-yilning aprel oyida ishga tushirilgan. Ushbu xizmat Xiva va Urganchdan tashqari yana 11 ta shaharda — Toshkent shahrida, Namangan, Andijon, Farg‘ona, Marg‘ilon, Qo‘qon, Samarqand, Buxoro, Nukus va Qarshi va Termizda faoliyat yuritmoqda.