Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi suv stansiyasida bir kishi gazdan zaharlanib vafot etdi, 2 kishi kasalxonaga yotqizildi, deya xabar bermoqda “O‘zsuvta’minot” kompaniyasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, holat shaharning “Bog‘ishamol” MFY Guliston ko‘chasida joylashgan 5-oqova suv haydash nasos stansiyasida sodir bo‘lgan. U yerda bo‘lgan “Sirdaryo suv ta’minoti” kompaniyasining Guliston shahar filialidagi 3 nafar xodimida gazdan zaharlanish kuzatilgan va ahvoli og‘irlashgan.

Ulardan biri H.I. vafot etgan, qolgan ikki nafar xodim — Z.B. va X.A. viloyat kasalxonasi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Shifokorlar ularning ahvoli o‘ta og‘irligini aytgan.

Holat yuzasidan tegishli idoralar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.