27-iyun kuni Jizzax viloyatiga tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev Xitoyning BYD kompaniyasi prezidenti Van Chuanfuni qabul qildi, prezident kompaniyaning O‘zbekistonda “yashil” transportni rivojlantirish loyihasida ishtirok etish rejalarini qo‘llab-quvvatladi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, rejalar qo‘shma innovatsion tadqiqot markazini tashkil etish, kadrlar tayyorlash, elektr transporti uchun texnik reglament va standartlarni ishlab chiqish hamda Blade avlodiga mansub batareyalar va BYD elektrobuslarini ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi.

O‘sha kuni Jizzax viloyatidagi gibrid va elektromobillar ishlab chiqaradigan BYD Uzbekistan qo‘shma zavodi konveyerdan birinchi elektromobil chiqdi. Hozirda bu yerda 2 ta model — Chazor va Song Plus Champion ishlab chiqarilmoqda.

Loyihaning birinchi bosqichi doirasida 160 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritildi, 1,2 mingta ish o‘rni yaratildi. Korxonada payvandlash, bo‘yash va yig‘ish jarayonlarini o‘z ichiga olgan yuqori texnologik ishlab chiqarish tashkil etilgan.

Shavkat Mirziyoyev yaqin istiqbolda modellar qatorini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatini yiliga 500 mingtaga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Tomonlar butlovchi va ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish, mahsulot tannarxini kamaytirish hamda avtomobillarni Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga eksport qilish loyihalarini ham muhokama qildi.