Toshkent viloyati Angren shahrida aholidan qayta ishlanadigan chiqindilarni xarid qilish tajribasi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi xabar qildi.

Qayd etilishicha, Angren shahri “Nurchi” MFYda joylashgan “Zero waste” davlat xususiy sheriklik bitimi asosidagi sanitar tozalash korxonasiga qarashli hudud aholisiga xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy chiqindi yig‘ish shoxobchasida qurildi. Bu yerda respublikada ilk bor ilgari surilayotgan — aholidan qayta ishlanadigan chiqindilarni xarid qilish tajribasi yo‘lga qo‘yildi.

Ta’kidlanishicha, zamonaviy chiqindi yig‘ish shoxobchasi qurilishida, asosan, chiqindiga aylangan yuk tashishga mo‘ljallangan konteynerlar, shisha idishlar kabi foydalanishdan chiqarilgan xomashyolardan foydalanilgan. Chiqindi yig‘ish maydonchasini elektr bilan ta’minlash uchun quyosh panellari o‘rnatilgan. Shoxobchada ishchi-xizmatchi yashashi va ishlashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, do‘kon ham tashkil etilgan.

ангрен, chiqindi

2024-yil 4-yanvarda O‘zbekiston prezidentining “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoni qabul qilingan. Unga ko‘ra, 2024−2026-yillarda Toshkent, Angren va Buxoro shaharlari hamda Toshkent tumanida chiqindilarni “qayta ishlanadigan”, “qayta ishlanmaydigan” va “oziq-ovqat” toifalariga saralagan holda yig‘ish bo‘yicha tajriba o‘tkazilishi hamda ushbu turdagi chiqindilarni yig‘ish uchun alohida paketlar aholiga bepul berilishi qayd etilgan.

Shuningdek, ko‘p qavatli uylar joylashgan hududlarda chiqindi yig‘ish maydonlarida “qayta ishlanadigan” toifaga mansub chiqindi turlari aholidan sotib olinishi belgilangan.