O‘zbekiston elchisi Furqat Sidiqov Kanada general-gubernatori Meri Simonga ishonch yorliqlarini topshirdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Marosimdan keyingi suhbatda Kanada general-gubernatori O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik islohotlar, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash borasida erishilayotgan yutuqlardan yaxshi xabardor ekanini ta’kidladi.

Uning aytishicha, bu sa’y-harakatlar Kanada hukumati tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanadi va ikki tomonlama munosabatlar ko‘lamini kengaytirish uchun zamin yaratadi.

O‘zbekiston va Kanada iqtisodiyoti o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta salohiyatga ega ekani bildirildi. Shu nuqtai nazardan, doimiy ravishda o‘zaro iqtisodiy tashriflar va savdo missiyalari almashinuvini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Furqat Sidiqov 2023-yilning may oyida O‘zbekistonning AQShdagi elchisi sifatida prezident Jo Baydenga ishonch yorliqlarini topshirgan. O‘sha yilning oktabrida esa O‘zbekistonning Braziliyadagi elchisi etib tayinlangani to‘g‘risidagi ishonch yorlig‘i nusxasini topshirgan. Shu tariqa, O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Braziliya va Kanadada ham mamlakatning rasmiy vakili hisoblanadi.

U 2017−2023-yillarda O‘zbekistonning AQSh, shuningdek, o‘rindoshlik asosida Kanada va Braziliyadagi elchisi bo‘lib ishlagan Javlon Vahobov o‘rniga tayinlangandi.