Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yetakchilari Bryusselda bo‘lib o‘tgan sammitda ittifoq yetakchilarini tayinlash va nomzodlar bo‘yicha kelishib oldi, deb xabar berildi Yevropa kengashi saytida.

Sharl Mishel o‘rniga Portugaliyaning sobiq bosh vaziri Antoniu Koshta Yevropa kengashi raisi etib saylandi.

Ursula fon der Lyayen ikkinchi muddatga Yevrokomissiya raisi lavozimiga taklif qilindi.

Estoniya bosh vaziri Kai Kallas Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili lavozimiga nomzodi ilgari surildi.

YIning bo‘lajak yetakchilari nomzodlari endi 16−19-iyul kunlari Strasburgda bo‘lib o‘tadigan yangi chaqiriqda Yevropa parlamenti tomonidan tasdiqlanishi kerak. Iyun oyida Yevroparlamentga bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, fon der Lyayen a’zo bo‘lgan Yevropa xalq partiyasi yetakchilikni saqlab qolgandi.

Nomzodi taklif qilingach, fon der Lyayen Yevropa Ittifoqi rahbarlariga ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi. “Men bu lahzani do‘stlarim Antoniu Koshta va Kai Kallas bilan baham ko‘rishdan shodman”, — deb yozdi u.

Nomzodlar haqida nimalar ma’lum?

Ursula fon der Lyayen

2019-yilda 65 yoshli fon der Lyayen Yevropa komissiyasini boshqargan birinchi ayol bo‘ldi. Siyosatchining ilk muddati ikkita yirik inqirozni o‘z ichiga oldi: COVID-19 pandemiyasi va Ukrainadagi urush. U pandemiyaga qarshi kurashdagi roli, Yevropa Ittifoqi barcha fuqarolar uchun vaksinalarni birgalikda sotib olgani uchun maqtovga sazovor bo‘ldi. Ammo Yevropa komissiyasi rahbari vaksina ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralarda shaffoflik yo‘qligi uchun ham keskin tanqidga uchradi.

antoniu koshta, kai kallas, ursula fon der lyayen, yevropa ittifoqi

Yevropa komissiyasi prezidenti sifatida Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqining siyosiy kun tartibini belgilaydi, Yevropa kengashi yig‘ilishlarida, G7 va G20 sammitlarida, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan davlatlar bilan sammitlarda va Yevropa Parlamentidagi munozaralarda komissiya vakili sifatida qatnashadi. Bundan tashqari, Yevropa komissiyasi ittifoq hamkorlari bilan savdo muzokaralarini olib bormoqda.

Antoniu Koshta

Portugaliyaning 62 yoshli sobiq bosh vaziri 2,5 yil muddatga saylandi, bu muddat bir marta uzaytirilishi mumkin.

Yevroparlamentga saylovlarda Sotsialistlar va Demokratlar progressiv alyansi partiyasining ikkinchi o‘rinni egallashi uning Yevropa kengashi rahbari lavozimiga nomzodini ma’qullanishiga yordam berdi. Shu bilan birga, AP yozganidek, Koshtaning tanlanishi siyosatchini iste’foga chiqishga majbur qilgan Portugaliya hukumatidagi korrupsiya bo‘yicha tergov tufayli bahsli kechdi. Koshtaning o‘zi har qanday qonunbuzarlikni rad etadi va unga nisbatan ayblov qo‘yilmagan.

antoniu koshta, kai kallas, ursula fon der lyayen, yevropa ittifoqi

Antoniu Koshta Yevropa Ittifoqi sammitidagi onlayn konferensiya davomida. Foto: Yevropa Ittifoqi.

Yevropa kengashi Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarni, shuningdek, Yevropa komissiyasi raisini birlashtiradi. Kengash rahbari ittifoq siyosatining yo‘nalishini ham belgilaydi.

Koshta malakali muzokarachi sifatida tanilgan va fon der Lyayen bilan birga xalqaro sammitlarda ishtirok etadi. Undan oldingi rahbar Sharl Mishel komissiya rahbari bilan keskin munosabatlarga ega edi.

Kai Kallas

47 yoshli Kallas yuristlik bo‘yicha o‘qigan, u 2021-yilda Estoniya hukumatini boshqargan va bunday lavozimni egallagan birinchi ayol bo‘lgandi.

antoniu koshta, kai kallas, ursula fon der lyayen, yevropa ittifoqi

Kallas Ukrainaning faol tarafdori va Rossiyaning tanqidchisi. Aynan u NATOdan Boltiqbo‘yining uchta davlati — Rossiya bilan chegaradosh Estoniya, Latviya va Litva uchun puxta mudofaa rejasini taqdim etishni talab qilgan.

Kallas NATO bosh kotibi lavozimiga ham ko‘rib chiqildi, biroq bu lavozimni Gollandiya bosh vaziri Mark Ryutte egalladi.