O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi Yoshlar ishlari agentligiga o‘tkaziladi. Bu haqda 28-iyun kuni prezident raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.

“Yoshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga o‘rgatish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha ham katta o‘zgarishlar bo‘ladi”, — deya qayd etildi majlisda. Buning uchun har yili 100 million dollar ajratiladi.

Ta’kidlanishicha, eng ko‘p ish o‘rni yaratgan yosh tadbirkorlar jamg‘arma kengashiga kiradi, jamg‘arma rahbarini ham ushbu yoshlarning o‘zi saylaydi.

Jamg‘arma, yoshlarning eng yaxshi 500 ta loyihasini tanlab oladi va ularga “biznes paket” qilib beradi, loyihani tayyor biznesga aylanib, daromad keltirishgacha barcha jarayonida ko‘maklashadi, bozorini topadi.

Jamg‘arma hokimlar bilan birgalikda 14 ta tumanni tanlab, “to‘rtinchi sanoat” kasblariga o‘qitish markazi ochadi va to‘liq jihozlab beradi.

Ushbu markazlar yosh tadbirkorlarga 1 yil imtiyozli davr bilan 10 yilga ijaraga beriladi. Markazlarning o‘quv dasturlari xalqaro standartlarga moslashtiriladi. Jamg‘arma Surxondaryo tajribasi asosida har bir viloyatda bittadan Yoshlar sanoat zonasida sanoat binolari quradi.

Bu joylar “sanoat ipotekasi” asosida yuqori qiymat yaratadigan loyihalar uchun yoshlarga 7 yilda bo‘lib to‘lash sharti bilan beriladi. Bunda yoshlardan birinchi yil uchun to‘lov undirilmaydi.

Shuningdek, har bir viloyatdagi bittadan Barkamol avlod markazida “Kreativ sanoat parklari” tashkil qilinadi. Ularga IT park rezidentlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar beriladi.

“Kreativ sanoat parklari” oliygohlar va yirik ishlab chiqaruvchilarga biriktiriladi. Bu parklar yosh tadbirkorlar, ilm va biznes o‘rtasida muloqot maydonchasi bo‘ladi. Jamg‘arma bu yerdagi yoshlarning startaplariga uch yilga 100 million so‘mgacha ssuda beradi.

Ushbu yosh tadbirkorlarga faoliyatini kengaytirish va aylanma uchun keyinchalik 100 million so‘m imtiyozli kredit beriladi.