Yil boshidan buyon O‘zbekiston 59,9 million dollarlik gaz eksport qildi. Bu prezident huzuridagi Statistika agentligining “Gazeta.uz” o‘rgangan tashqi savdo ma’lumotlaridan anglashiladi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan (201,5 mln dollar) 3,3 barobar kam (qiymat jihatdan).
Yanvar oyida bu ko‘rsatkich 21 million dollar, fevralda 5,7 million dollar, martda 18,7 million dollar, aprelda 6,9 million dollar, may oyida 7,6 million dollarni tashkil qilgan.
Shu bilan birga, XXR Bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy O‘zbekistondan 153,87 million dollarlik gaz import qilgan, bu O‘zbekiston tomoni bergan ma’lumotlardan 2,6 barobar ko‘pdir. Agar fevral oyida Qirg‘izistonga gaz eksporti hajmidagi salkam 1 million dollar hisobga olinsa, farq biroz kattaroq bo‘ladi (BMTning tovar savdosi bo‘yicha ma’lumotlar bazasi).
Yanvar-may oylarida O‘zbekistonga gaz importi 643,2 million dollarni tashkil etdi, bu 2023-yilning shu davriga nisbatan 4,2 barobar ko‘p. Eksport va import o‘rtasidagi tafovut 583,3 million dollarga yetdi (Statistika agentligi ma’lumotlari solishtirganda), ya’ni O‘zbekiston gazning sof importchisi sifatida mustahkamlanmoqda (“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekiston qanday qilib gazning sof importchisiga aylanib qolganini tahlil qilgandi).
Ma’lumotlardagi farqi
Davr | O‘zbekiston statistikasi | Xitoy statistikasi | O‘zbekiston statistikasi | Xitoy statistikasi |
2022 | 2023-yil | |||
Yanvar | 22 | 36,8 | 3,7 | - |
fevral | 8.7 | 8,6 | 3,7 | - |
mart | 59,9 | 21 | 20 | - |
aprel | 138,9 | 74 | 90,5 | 40,5 |
may | 122,6 | 161,6 | 83,6 | 85 |
iyun | 72 | 104,4 | 76,9 | 86 |
iyul | 101,3 | 99,5 | 63,5 | 94 |
avgust | 120,5 | 112,3 | 36 | 78 |
sentabr | 133,7 | 149,5 | 33,8 | 45 |
oktabr | 91,7 | 148,5 | 46,5 | 42 |
noyabr | 39,6 | 114,2 | 51,2 | 54,6 |
dekabr | - | 40,1 | 20,5 | 55 |
Jami | 910,9 | 1070,4 | 529,9 | 579,4 |
Farq | 159,5 mln (17,4%) | 49,5 million (9,3%) |
Davr | O‘zbekiston statistikasi | Xitoy statistikasi |
2024-yil | ||
Yanvar | 21 | 38,8 |
fevral | 5,7 | 18,6 |
mart | 18,7 | - |
aprel | 6,9 | 11,4 |
may | 7,6 | 85,1 |
Jami | 59,9 | 153,9 |
Farq | 93,97 million (2,6 marta) |
“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi gaz eksporti bo‘yicha ma’lumotlar bir necha bor farq qilayotgani haqida yozgandi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Xitoy turkman gazining tranzitini hisobga olishini bildirgandi. Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, hatto buni hisobga olsak ham, statistika sezilarli darajada farq qiladi. Bundan tashqari, Statistika agentligi hech qachon gaz tranziti haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan xizmatlar haqida batafsil ma’lumotni oshkor qilmagan. Shuningdek, ma’lumotlar tovarlar eksporti va importining fizik hajmini ko‘rsatmasdan, faqat qiymat ko‘rinishida berib boriladi.
Biz 2020-yildagi ma’lumotlarni tahlil qildik va Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu davrda O‘zbekiston deyarli 2,7 milliard dollarlik gaz eksport qilganini aniqladik (shu jumladan, Qirg‘iziston va qisman Rossiyaga). Biroq Xitoy tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbek gazi importi hajmi 3,23 milliard dollarni tashkil etgan, bu Statistika agentligi ma’lumotlarida ko‘rsatilganidan 538,1 million dollarga (19,9 foiz) ko‘p.
“Gazeta.uz” Energetika vazirligi matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.
“Gazeta.uz” manbalariga ko‘ra, 2022-yil iyul oyida O‘zbekistondagi xususiy kompaniyalardan biri gaz eksporti bo‘yicha eksklyuziv huquqlarga ega bo‘lgan. 2022-yil dekabr oyida O‘zbekistondan eksport qilish rasmiylarning yetkazib berishning qisqarishi yoki to‘xtatilishi haqidagi bayonotlariga qaramay, davom etdi.
2023-yil oktabr oyidan O‘zbekiston Qozog‘iston hududi orqali Rossiyadan gaz import qila boshladi. Rossiyadan gaz importi hajmini oshirish uchun magistral gaz tizimini modernizatsiya qilishga 500 million dollar sarmoya kiritish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi.
Shuningdek, Energetika vazirligi rahbari katta zaxiraga ega Turkmanistonga yaqinroq bo‘lsa-da, O‘zbekiston nega Rossiya gazini sotib olishi, shuningdek, gazni boshqa davlatlarga eksport qilishining sabablarini tushuntirgandi. Uning ta’kidlashicha, Rossiyadan gaz yetkazib berish masalasini siyosiylashtirish noto‘g‘ri.