Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga kirish jarayoni mamlakatda qabul qilingan “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun tufayli amalda to‘xtatildi. Bu haqda 27-iyun kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan sammit yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan bayonotda ma’lum qilindi, deya xabar qilmoqda DW.

Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlari ma’qullagan hujjatga ko‘ra, tegishli qonun Yevrokomissiyaning Gruziyaga YeIga nomzod maqomini berish bo‘yicha tavsiyalaridan chetga chiqish hisoblanadi.

Hujjatda Gruziya hukumati Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga kirish yo‘lini xavf ostiga qo‘yuvchi va amalda qo‘shilish jarayonining to‘xtab qolishiga olib keladigan harakat yo‘nalishini o‘zgartirishga chaqiriladi.

Gruziya 2023-yil dekabrida Yevropa Ittifoqiga kirish uchun nomzod davlat maqomini olgandi. Hafta boshida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel YeI maqomni bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishi mumkinligini aytdi.

Avvalroq AQSh “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi munosabati bilan o‘nlab Gruziya fuqarolariga, jumladan, Gruziya parlamenti a’zolari va xavfsizlik xodimlariga nisbatan viza cheklovlarini joriy qilgandi. Tbilisi meri va “Gruziya orzusi” bosh kotibi Kaxa Kaladze “hech kim sanksiyalardan qo‘rqmasligini” va ular “Vatanga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirmasligini” aytdi.

  • “Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi mashhur qonun “Gruziya orzusi” tashabbusi bilan may oyining o‘rtalarida Gruziya parlamenti tomonidan qabul qilingandi. Hujjat mamlakatda ommaviy noroziliklar keltirib chiqargan, shuningdek, AQSh va Yevropa Ittifoqining tanqidiga sabab bo‘lgan. Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili qonunga veto qo‘ygan, biroq parlament ko‘pchilik ovoz bilan uni bekor qilishga muvaffaq bo‘lgandi.
  • Qonun moliyalashtirishning 20 foizdan ortig‘ini xorijdan oladigan NNT va OAVni “xorijiy davlat manfaatlarini ilgari suruvchi tashkilot” sifatida davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish majburiyatini yuklaydi. Muxolifat vakillari va mahalliy OAV ushbu hujjatni Rossiyaning xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunchiligiga o‘xshashligi uchun “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun deb atamoqda. Ularning ta’kidlashicha, qonun Gruziyadagi tanqidiy ovozlarni bostirish va mamlakatning YeIga qo‘shilish imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarishga urinish hisoblanadi.
  • 23-may kuni AQSh Davlat departamenti ushbu qonunning qabul qilinishiga javoban Gruziyaga nisbatan viza cheklash siyosatini joriy qilayotganini e’lon qilgandi. Departament bayonotida aytilishicha, cheklovlar Gruziyadagi “demokratiyaga putur yetkazish”da aybdor bo‘lganlar yoki ularning sheriklari hamda oila a’zolariga nisbatan qo‘llanadi.
  • Ayrim YeI davlatlari ham “xorijiy agentlar to‘g‘risidagi” qonun tufayli Gruziyaga qarshi sanksiyalar kiritish haqida o‘ylamoqda. Ehtimoliy variantlar orasida Gruziya fuqarolari uchun YeIda vizasiz rejimni bekor qilish (2017-yildan beri amalda), maqsadli sanksiyalar va YeI fondlari mablag‘larini muzlatish bor.