Yevro-2024 o‘zining qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. Bizni oldinda dahshatli o‘yinlar kutib turibdi. To‘g‘ri, guruh bosqichi o‘ta hayratlanarli bo‘lmadi, ammo yetarlicha sensatsiyalarni ham ko‘rdik. Autsayder sanalgan Gruziyaning pley-offga chiqishi, Xorvatiyaning guruhda qolib ketishi, boshqa bir “o‘lim guruhi”da hech kim kutmaganda Avstriyaning peshqadam bo‘lishi — nimchorak finalda biz uchun qiziqarli juftliklarni belgilab berdi.

евро-2024, nimchorak финал, тактика

Shveysariya — Italiya (29-iyun, 21:00)

So‘nggi yillarda Yevrolarda favorit sanalayotgan Italiya, hamisha musobaqalarda o‘rtamiyona, shu bilan birga, kuchli terma jamoalarga bosh og‘riq bo‘ladigan Shveysariyaga qarshi bahs olib boradi. Ikki terma jamoa o‘zlaridan kutilgan o‘yinlarni ko‘rsatib berdi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Chetdan qaraganda o‘zaro kuchlar tengdek ko‘rinishi mumkin, ammo italyancha futbol DNKsi ustun keladimi yoki individual mahoratli futbolchilar? Buni birgalikda kuzatamiz.

Imkoniyatlar: 45/55

Germaniya — Daniya (29-iyun, 00:00)

Ha, mezbon haddan tashqari kuchli ekanini ko‘rdik, his qildik. Lekin Daniya ham qarab turmasligi aniq. O‘ta yorqin o‘yin ko‘rsatmagan bo‘lsa-da, Eriksen yetakchiligidagi terma jamoa “syurpriz” bo‘lishga intiladi.

Yulian Nagelsman shogirdlarining maqsadlari aniq. Ular bu yo‘ldan qaytmaslik uchun bor mahoratlarini ishga solishadi. Kutilmalar o‘ta yuqori bo‘lmasa-da, jilla qursa, dramatik uchrashuv ko‘rishimiz mumkin.

Imkoniyatlar: 65/35

Angliya — Slovakiya (30-iyun, 21:00)

Nafaqat chetdan qaragan, balki o‘z muxlislariga ham o‘yin jihatdan yoqmayotgan Angliya terma jamoasi pley-offda nisbatan osonroq yo‘lga tushdi. Raqib ham o‘ziga qaraganda kuchli emas. Biroq futbol vatani muxlislari o‘z suyuklilaridan chiroyli futbol kutishlari aniq.

Shu bilan birga, tarmoqlarda Angliyaning tezroq turnirni tark etishini istayotgan muxlislar fikrlarini ham o‘qimoqdamiz. Sautgeyt super yulduzlardan iborat terma jamoani go‘zal futbol ko‘rsatishga undashini ko‘pchilik kutmoqda.

Imkoniyatlar: 70/30

Ispaniya — Gruziya (30-iyun, 00:00)

Kutganmidingiz? Menimcha, yo‘q. Ispaniyaning raqibi sifatida Chexiya yoki Turkiya bo‘lishini taxmin qilgan muxlislar adashdi. Ha, Gruziya tarix yaratmoqda. Xo‘sh, ular JCH-2022`dagi Marokash yoki Yevro-2004`dagi Gretsiya bo‘la olishadimi?

Ispaniya esa xotirjamlik bilan, o‘zining yoshlari ijrosida guruhda yuz foizlik natija qayd etdi. Favoritlar sifatida ko‘rilgan ispanlar o‘zlaridan kutilgan o‘yinni ko‘rsatib berdi. Sensatsiya bo‘ladimi, yo‘qmi, bilmaymiz, ammo ajoyib to‘qnashuv bo‘lishi aniq. Gruziyaliklar o‘z muxlislari uchun borlarini maydonda tashlaydi.

Imkoniyatlar: 75/25

Fransiya — Belgiya (1-iyul, 21:00)

Nimchorak finalning markaziy o‘yini, shubhasiz, ushbu bahs bo‘ladi. O‘zining super yulduzlari bilan ishtirok etayotgan fransuzlar “oltin avlodi” tobora so‘nib borayotgan Belgiyaga qarshi o‘ynaydi. 2018-yilgi Jahon chempionatida ayni shu terma jamoalar yarim finalda to‘qnash kelgan va unda Desham boshchiligidagi jamoa g‘alaba qozongan edi. Yevro-2020`da esa Belgiya Italiya bilan chorak finalda uchrashgan va mag‘lub bo‘lgan. JCH-2022`da De Bryuyne yetakchiligidagi terma jamoa guruhdan chiqa olmagan.

Bir qarashda “oltin avlodi” shakllangan yurt vakillarining katta musobaqalarda omadi kelmayapti. “Bu terma jamoa chempion bo‘lishi kerak” deb ko‘p bora ta’kidlangan. Ammo ularda ham “Angliya sindromi” mavjuddek.

Fransiyaga esa ortiqcha ta’rif shart emas. Ular hamisha o‘z ishlarini professional ravishda bajaradi. Bu safar qanday bo‘ladi, buni birgalikda kuzatamiz.

Imkoniyatlar: 60/40

Portugaliya — Sloveniya (1-iyul, 00:00)

Rekordlar o‘rnatishda va sovrinlar yutishda hech qachon hafsalasi pir bo‘lmagan Ronaldu bu safar ham chempionlikka qattiq intilmoqda. Gol ura olmayotganidan darg‘azab bo‘lib turgan Krishtianu pley-offda katta sahnaga chiqishi mumkin.

Sloveniyaga esa og‘ir bo‘ladi. Gruziyaning Portugaliya ustidan erishgan g‘alabasiga qarab qolsa, xato bo‘lishi mumkin. Tarkib jihatdan ham, guruhdagi holat jihatdan ham erkin va bosimsiz o‘ynagan portugallar gruzinlarga imkoniyat berishdi, xolos. Endigi uchrashuv og‘ir bo‘lishi aniq.

Imkoniyalar: 70/30

Ruminiya — Niderlandiya (2-iyun, 21:00)

Turnir boshida hech kim Ruminiyaning o‘z guruhida 1-o‘rinni egallashini taxmin qilmagan edi. Shu bilan birga, Niderlandiya uchun ham 3-pog‘ona kutilmagan edi. Bizni qiziqarli bahs kutmoqda. Kuchlar teng deb bo‘lmaydi, ammo joriy Yevrodagi o‘yinlardan kelib chiqib, shunday desa ham bo‘ladi, aslida.

Ruminiyaning shiddati, Niderlandiyaning tajribasi — kim g‘olib bo‘lishini seshanba oqshomida bilib olamiz.

Imkoniyatlar: 40/60

Avstriya — Turkiya (2-iyun, 00:00)

Ishoning, ushbu bahs boshqalariga qaraganda shiddatliroq bo‘ladi. Biz bu terma jamoalarning guruhda qanday o‘ynaganlarini ko‘rdik. Hatto markaziy o‘yindan-da qiziqarli bo‘lishi kutilmoqda. Ko‘plab mutaxassislar ta’kidlaganidek, pley-offning nisbatan oson yo‘lidan ketayotgan terma jamoalarning istalgan biridan finalga chiqishini kutish mumkin. Va hatto mazkur ikki terma jamoadan ham!

Imkoniyatlar: 55/45

Material “Taktika” bilan hamkorlikda tayyorlandi.