O‘zbekistonda IT sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga IT park rezidenti maqomi beriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda IT sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar — frilanserlar 50 mingdan oshdi. Bunday yoshlar yiliga ellik, yuz, hatto ikki yuz ming dollargacha eksport qilmoqda.

Yig‘ilishda ularni boshini qovushtiradigan, muammolarini eshitib, huquqlarini himoya qiladigan tizim yo‘qligi ta’kidlandi.

Qo‘shilgan qiymat yaratib, uni eksport qilayotgan bunday yoshlar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochib berish zarurligi ta’kidlandi.

Shundan kelib chiqib, endilikda:

  • IT sohasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga IT park rezidenti maqomi beriladi;
  • ular uch yil muddatga barcha soliqlardan ozod qilinadi;
  • IT park tomonidan IT kompaniyalardagi kabi tibbiyot, sport va ofisdan foydalanishi uchun ularga “ijtimoiy karta” beriladi.