️Ijtimoiy tarmoqlarda erkak kichik yoshdagi bolani kamar bilan kaltaklab, musht tushirgani aks etgan video tarqaldi.

Bolalar ombudsmani voqea yuzasidan munosabat berib, holat 23-iyun kuni Samarqand viloyati Toyloq tumanida sodir bo‘lganini ma’lum qildi. 36 yoshli Sh. N. o‘zi bilan birga 2024-yildan shar’iy nikohda bo‘lgan T.D.ning 2017-yilda tug‘ilgan 6 yoshli farzandi E.O.ni yashash xonadoni hovlisida kaltaklagan.

Bolada tan jarohatlari aniqlanib, hozirda unga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Bu borada sud tibbiyot ekspertizasi boshlandi. Erkak esa Toyloq tumani tibbiyot birlashmasi tibbiy ko‘rigidan o‘tkazilganida uning ruhiyatida o‘zgarishlar borligi aniqlandi.

Shundan so‘ng u Samarqand viloyati Ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Sh. N.ning holati yuzasidan sud-psixiatrik ekspertiza tayinlangan.

Hozirda Toyloq tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.