1-oktabrdan O‘zbekistonda har yili xususiy o‘quv markazlarining reytingi tuziladi. Bu haqda prezidentning 27-iyundagi “Yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish tizimi samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, reyting Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida Yoshlar ishlari agentligi tomonidan shakllantiriladi hamda uning rasmiy veb saytida e’lon qilib boriladi.

Reyting natijalariga ko‘ra, olis va chekka hududlarda faoliyat ko‘rsatuvchi eng yuqori ko‘rsatkichga ega 100 ta xususiy o‘quv markazining ta’lim jarayonida foydalanadigan bino va inshootlar uchun ijara to‘lovi xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi.

Bundan tashqari, 2024−2026-yillarda xorijiy til filologiyasi ta’lim yo‘nalishining S1 darajadagi sertifikatga ega 3- va 4-kurs talabalari umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida o‘qituvchi sifatida ishlashiga ruxsat beriladi.

Qarorda yangi o‘quv yilidan ota-onalar va o‘quvchilar talabidan kelib chiqib, ixtisoslashtirilgan maktablar va kasb-hunar maktablarida chet tili sifatida nemis, fransuz, koreys, xitoy va yapon tillarini o‘qitishni yo‘lga qo‘yilishi aytiladi.

2025-yil 1-yanvargacha ingliz tili, keyingi yillarda boshqa xorijiy tillar va zamonaviy kasblarni o‘rgatish bo‘yicha dunyoning yetakchi markazlari, oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yiladi hamda ularning xalqaro ta’lim standartlariga mos ta’lim dasturlari “Ibrat farzandlari” va “Ustoz” loyihalariga tatbiq etiladi.