Juma va dam olish kunlari O‘zbekiston hududiga kechagi kunga nisbatan biroz salqin havo masalari kirib keladi, deb xabar berdi O‘zgidromet.

Gap shundaki, 27-iyun, payshanba iyun oyining o‘tgan davri uchun eng issiq kun bo‘ldi. O‘zbekiston hududining katta qismida havo harorati kunduzi +39…+42 darajaga yetdi, cho‘l hududlarda va Surxondaryo viloyatida ba’zi joylarda +43 darajagacha bo‘ldi.

Endi esa respublika bo‘yicha issiq haroratning biroz pasayishi kutilmoqda. Dam olish kunlari harorat +34…+39 daraja, respublika shimolida +30…+35 daraja atrofida bo‘ladi. Faqat eng chekka janubda havo harorati +40…+42 daraja atrofida bo‘lishi saqlanib turadi.

Tekislik hududlarning katta qismida ushbu kunlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 28−30-iyun kunlari ba’zi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘adi.

Sharqiy yo‘nalishdagi shamol 7−12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15−20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.

Poytaxtda 28-iyunda biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 29−30-iyun kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Ertaga kunduzgi harorat +36…+38 daraja, yakshanba kuni +34…+36 daraja, kechalari +24…+26 daraja bo‘ladi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 12−14 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.