27-iyun kuni “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ (“O‘zmilliybank”) ikki transhdan iborat jami 411 mln AQSh dollari miqdoridagi obligatsiyalarni London fond birjasida muvaffaqiyatli joylashtirdi. Jumladan:

  • 300 mln dollari — 5 yil muddatga;
  • milliy valyutada 1400 mlrd so‘m — 3 yil muddatga.

“O‘zmilliybank” o‘z obligatsiyalarini xalqaro investorlar diqqatiga 2024-yil 21-may kuni O‘zbekistonning umumiy qiymati 1,5 mlrd dollariga teng suveren xalqaro obligatsiyalari ilk bor uchta valyutada jahon moliya bozorlarida joylashtirilganidan so‘ng taqdim etdi.

Obligatsiyalarni joylashtirishni muvaffaqiyatli tashkil etish maqsadida “O‘zmilliybank” tomonidan yetakchi global banklar-anderrayterlar, yuridik va auditorlik kompaniyalaridan biri jalb qilindi:

  • bank-anderrayterlar:
    • JP Morgan — AQSh;
    • Citibank — AQSh;
    • Deutsche Bank — Germaniya;
    • NATIXIS — Fransiya;
    • Societe Generale — Fransiya;
    • Standard Shartered Bank — Buyuk Britaniya;
    • First Abu Dhabi Bank — BAA;
    • Mashreqbank — BAA;
  • auditorlik kompaniyalar: Deloitte & Touche; Ernst & Young;
  • yuridik kompaniyalar: Dentons va Linklaters.

London fond birjasida obligatsiyalar xisobiga jalb qilingan mablag‘lar, birinchi navbatda, O‘zbekiston prezidenti tomonidan 20-may kuni xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda banklarning ishtirokiga oid yig‘ilishda bergan topshiriqlarini so‘zsiz bajarishga qaratilgan va iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi muhim loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan investitsiyalarni ta’minlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatning iqtisodiy o‘sishini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

“O‘zmilliybank” O‘zbekiston tijorat banklari orasida birinchilardan bulib milliy valyutada xalqaro obligatsiyalarni jahon moliya bozorida ommaviy tarzda joylashtirdi. Milliy valyutada jalb qilingan mablag‘lar pirovard maqsadda respublika hududlarida aholi bandligini ta’minlash uchun turli tarmoqlarda loyihalarni moliyalashtirish, zamonaviy ko‘p qavatli uy-joylar qurish, xizmatlar soxasini rivojlantirishga hamda ular natijasida aholining turmush sharoitini yaxshilashga yunaltiriladi.

Dunyoda davom etayotgan murakkab vaziyatga qaramay, “O‘zmilliybank”ning obligatsiyalari jahon moliya bozorida muvaffaqiyatli joylashtirilishi O‘zbekiston prezidenti tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli va oqilona islohotlarga xalqaro investorlar tomonidan bildirilgan ishonch natijasidir.

“O‘zmilliybank”ning mazkur obligatsiyalar tranzaksiyasi O‘zbekistonning boshqa tijorat banklari va korxonalari uchun mezon (Benchmark) bo‘lib xizmat qiladi.

London fond birjasi 1801-yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyodagi yetakchi fond birjalaridan biri hisoblanadi va Buyuk Britaniyaning moliyaviy markazida joylashgan. London fond birjasida turli xil kompaniyalarning aksiyalari sotiladi va sotib olinadi, bu kompaniyalarga o‘z biznesini rivojlantirish uchun mablag‘lar jalb qilish imkonini beradi.

Reklama huquqlari asosida.