27-iyun kuni prezident “Parrandachilik sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy genetik texnologiyalar va kooperatsiya tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni qabul qildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonda 2024-yil 1-iyuldan parranda go‘shtini (TIF TN kodi 0207) eksport qilishda mavjud barcha cheklovlar bekor qilinadi.

Prezident qarorlari asosida 2017-yil oxiridan chorvachilik, parranda va go‘sht eksport qilinadigan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilgandi.

2030-yil 1-yanvargacha parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlari yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini (ekin maydonlaridan tashqari) to‘lashdan ozod etiladi.

2024-yil 1-oktabrdan yangi so‘yilgan, sovitilgan yoki muzlatilgan uy parrandasi go‘shti va qo‘shimcha ozuqabop mahsulotlari (butun go‘sht, qanot, bel, bo‘yin, okorochok, golen, son, qiyma va teri) O‘zbekiston hududiga olib kirishda belgilangan bojxona boji bo‘yicha berilgan imtiyoz bekor qilinadi.

Shuningdek, kooperatsiya tizimiga asoslangan “Agroparranda klasteri” loyihasi amalga oshiriladi.

Bir necha kun oldin prezidentga chorvachilikni rivojlantirishga doir takliflar berilgandi. AQSh hamkorligida parrandachilikka genetik texnologiyalarni joriy etish, parrandachilik korxonalarini 5 yilga yer solig‘idan ozod qilish, parranda go‘shti eksportiga ruxsat berish, aholini qorako‘l qo‘yi va echkilar bilan ta’minlash rejalashtirilgan.