Shavkat Mirziyoyev 28-iyun kuni yoshlar siyosati sohasida amalga oshirilgan ishlar va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, yoshlar xorijiy oliygohlarda o‘qish uchun matematika, ingliz tili va ilmiy fikrlash bo‘yicha SAT imtihonini topshirmoqda. Bu testlarda 75 foizdan yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar chet elni eng nufuzli oliygohlariga grant yutyapti.

“Endi bunday yoshlarni o‘zimizni oliygohlarga ham grantga qabul qilamiz”, — dedi prezident.

Ma’lumot uchun, SAT (Scholastic Aptitude Test) — tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini tekshirish uchun o‘tkaziladigan imtihon, u matematika va ingliz tili fanlari bo‘yicha olinadi. Shuningdek, AQSh, Singapur, Turkiya, Gonkong va Yaponiyadagi ayrim universitetlarga kirish uchun standartlashtirilgan test ham hisoblanadi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda 110 ming o‘zbekistonlik o‘g‘il-qiz xorijda tahsil olmoqda.

Xususan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yetti yilda AQShning “Pechak ligasi”ga kiruvchi Garvard, Yel, Kolumbiya, Stenford kabi top-8 ta, Buyuk Britaniyanining “Rassell guruhi”dagi Oksford, Kembridj, Birmingem kabi 24 ta oliygohni 50 nafar yoshlar bitirdi. Bu nufuzli oliygohlarda o‘qiyotgan yoshlar soni esa 200 dan oshdi.

Yangi o‘quv yilidan oliygohlar qoshidagi jami 73 ta akademik litseyda tajriba tarzida “Xalqaro bakalavriat” va A-level dasturlari joriy qilinadi. Bu dasturlar asosida sertifikat olgan o‘quvchilar o‘sha oliygohga imtihonsiz, kontrakt asosida qabul qilinadi.

Davlat rahbari O‘zbekiston jadal rivojlanishi uchun “to‘rtinchi sanoat inqilobi” kasblari juda muhimligini qayd etdi. Shu munosabat bilan yoshlarni fizika, kimyo, biologiya, texnologiya, muhandislik, matematika (STEM) bilan bog‘liq kasblarga qiziqishini oshirish uchun yangi tizim joriy qilinishini ham aytdi.