O‘zbekistondagi texnikum bitiruvchilariga ikkinchi yoki uchinchi kursdan boshlab oliy ta’lim muassasasida kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati beriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 28-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Xususan, oliy ta’limning birinchi va ikkinchi kurs fanlari texnikumlar bilan integratsiyalashtiriladi. Texnikumlarni yaxshi baholar bilan tamomlagan yoshlarga xalqaro tasnifga mos keladigan diplom beriladi.

Kasbi bo‘yicha malaka darajasi va ikki yillik staji bor yoshlar korxona tavsiyasi bilan kontrakt asosida oliy ta’limga qabul qilinadi.

Bundan tashqari, oliy o‘quv yurti, vazirlik va korxonalarga tegishli laboratoriyalarning yagona onlayn platformasi yaratiladi. Bunday ilmiy markazlar Toshkent texnika, Samarqand va Urganch davlat universitetlarida ham tashkil qilinadi.

Yosh olimlar tadqiqotlari uchun kerak bo‘lgan uskuna, butlovchi qism va kimyoviy vositalar bojdan ozod qilinadi.

Prezident o‘zbekistonlik yoshlar xalqaro olimpiadalarning nazariy qismida yuqori natijalarga erishayotgani, laboratoriya mashg‘ulotlarida esa past ball olishini ta’kidladi. Shu bois endi Prezident maktablari agentligi qoshida Olimpiadalarga tayyorlash markazi ochilib, maxsus laboratoriyalar bilan jihozlanadi.

Xalqaro olimpiadada qatnashuvchi terma jamoa reja asosida ushbu markazda tayyorgarlik ko‘radi. Buning uchun har bir fan bo‘yicha malakali olim va xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi.

Shu yig‘ilishda Prezident SAT imtihonida (AQSh universitetlariga kirish uchun standartlashtirilgan test) 75 foizdan yuqori natija ko‘rsatgan yoshlar O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlariga grant asosida o‘qishga kirishi mumkinligini ham ma’lum qildi.

Bundan tashqari, yangi o‘quv yilidan oliygohlar qoshidagi jami 73 ta akademik litseyda tajriba tarzida “Xalqaro bakalavriat” va A-level dasturlari joriy qilinadi. Bu dasturlar asosida sertifikat olgan o‘quvchilar o‘sha oliygohga imtihonsiz, kontrakt asosida qabul qilinadi.