Samarqand viloyati Toyloq tumanida erkak 6 yoshli bolani kamar bilan kaltaklab, musht tushirgandi. Bolalar ombudsmani unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Avval xabar berganimizdek, 36 yoshli Sh. N. shar’iy nikohidagi T.D.ning 2017-yilda tug‘ilgan 6 yoshli farzandi E.O.ni yashash xonadoni hovlisida kaltaklagan. Tibbiy ko‘rik paytida erkakning ruhiyatida o‘zgarishlar borligi aniqlanib, ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Bola huquqlari bo‘yicha vakilning ma’lumot berishicha, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandi (Qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari boshlangan.

“Bolaga nisbatan bu kabi zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yganlar kim bo‘lishidan qat’i nazar, tegishli javobgarlikka tortilishi shart. Bola davlat va qonun himoyasida”, — deya qo‘shimcha qildi Surayyo Rahmonova.