O‘zbekistonda og‘ir sharoitga tushib qolgan qizlarga 1 xonali ijtimoiy uylar qurib beriladi. Bu haqda 28-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev yoshlar siyosati sohasi bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida ma’lum qildi.

Prezident bundan keyin ham qizlarning ta’lim olishi, daromad topishi, sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlar davom ettirilishini ta’kidladi.

Xususan, og‘ir sharoitga tushib qolgan uy-joyga muhtoj qizlar uchun 1 xonali ijtimoiy uylar quriladi. Ular ishga joylashib, oyoqqa turib olgunga qadar ushbu uylarda 3 yil davomida bepul yashashi mumkin bo‘ladi.

Hokimlarga ijtimoiy uylarning namunaviy loyihasini qilib, qurilishni boshlash topshirildi.

Sog‘ligi tufayli ishga qatnay olmaydigan qizlarning yashab turgan xonadonida masofaviy ish bilan ta’minlash choralari ko‘riladi. Bundan tashqari, 3 yoshgacha farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.

Avvalroq mahallalarda xotin-qizlar bandligini ta’minlash markazlarini ochgan tadbirkorlarga davlat granti ajratilib, 1 nafar ayol uchun 3 mln so‘mdan oshmagan miqdorda pul to‘lanishi xabar qilingandi. Mablag‘lar Oila va xotin-qizlar jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.