Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni tavallud kuni bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh Turkmaniston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Milliy yetakchining zamonaviy Turkmanistonni barpo etish va rivojlantirish, mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi tarixiy o‘rni alohida qayd etildi.

“Yetakchilar qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning bo‘lajak yig‘ilishida sanoat, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi sohalari, hududlararo va madaniy almashinuvni rivojlantirish bo‘yicha yangi kooperatsiya loyihalarini ishlab chiqish muhimligini qayd etdilar”, — deyiladi xabarda.

Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari ham ko‘rib chiqildi.