29-iyun kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Markaziy Osiyo davlatlariga safar qiladi. BMT axborot xizmati xabariga ko‘ra, u avval O‘zbekistonga, so‘ngra Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmanistonga tashrif buyuradi. Guterrish mintaqaga so‘ngi bor 2017-yilda tashrif buyurgan edi. Joriy sayohat 7-iyulga qadar davom etadi.

BMT bosh kotibi matbuot xizmati rahbari Stefan Dyujarrik juma kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan brifingda Guterrish har bir mamlakatda davlat rahbari va yuqori martabali hukumat vakillari bilan uchrashishini, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha loyihalar bilan tanishishini, shuningdek, mahalliy faollar bilan muloqot qilishini aytdi.

4-iyul kuni BMT bosh kotibi Shanxay hamkorlik tashkilotining Ostonadagi sammitida ishtirok etadi. Guterrish o‘z nutqida BMT Nizomi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga asoslangan ko‘p tomonlama tamoyillarga sodiqlikni yana bir bor tasdiqlash zarurligini aytadi. U bu sa’y-harakatlarning markazida tinchlik bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi.

BMT bosh kotibi, shuningdek, xalqaro hamjamiyatni geosiyosiy tafovutlar umumiy tahdidlarni, jumladan, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni samarali bartaraf etishga imkon bermasligidan ogohlantirmoqchi.