28-iyun kuni Vazirlar Mahkamasaining “Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha talablarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, ommaviy tadbirlarda fuqarolarni reklama, aksiya va boshqa maqsadlarda oziq-ovqat, buyumlar hamda boshqa mahsulotlar va tovarmoddiy boyliklarni bepul tarqatish taqiqlandi. Qolaversa, haddan tashqari arzonlashtirilgan narxda sotish orqali jalb qilish ham mumkin emas.

Mazkur qaror bo‘yicha nazoratni Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda amalga oshiradi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishini ta’minlaydi.

Joriy etilayotgan talabning maqsadi, mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida aholi va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida tushuntish ishlari olib boriladi.

Yangi qaror 29-iyundan kuchga kira boshladi.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyi boshida Toshkentda Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida tashkil etilishi rejalashtirilgan “tekinga narsa tarqatish” aksiyalari sababli transport harakatida 10 balli tirbandlik va bog‘larda odamlarning to‘planib qolishi kuzatilgandi. Xususan, “Ashxobod” ko‘ngilochar bog‘ida poytaxt aholisi va mehmonlardan iborat 40 mingga yaqin odam to‘plangan.

Holatlar ortidan ko‘ngilochar bog‘i direktori, uning o‘rinbosari va reklama bo‘limi boshlig‘i ommaviy tadbirlar o‘tkazish qoidalarini buzgani va boshqa huquqbuzarliklar uchun 15 sutkaga qamalgan.