Shavkat Mirziyoyev 28-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yoz faslida yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha takliflarni bildirdi.

Viloyat, tuman hokimlariga yoz mavsumida maktab, texnikum, oliygoh, istirohat bog‘larida mehnat yarmarkalarini o‘tkazish topshirildi. Bu orqali vakant o‘rinlarga kamida 150 ming yoshlarni ishga joylashtirish mumkin.

Prezident yoz oylarida qurilish otryadlarini tashkil etib, 100 ming yoshlarni oylik beradigan ishlarga jalb qilish muhimligi qayd etdi.

Davlat rahbari tadbirkorlarning yoshlarni kasbga o‘qitish va ishga joylashtirish borasidagi tashabbuslari bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi.

2024/2025 o‘quv yilidan boshlab maktab, kollej, texnikum o‘quvchilarini kasbga o‘rgatib, ish berayotgan tadbirkorlarning bu xarajatlari soliq bazasidan chegirib tashlanadi. O‘quvchilarga daromad solig‘i va ijtimoiy soliq 1 foiz qilib belgilanadi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, maktab, kollej, texnikum, oliygoh sport zallari va kutubxonalari, stadion va basseynlar mahalla yoshlariga xizmat qilishini ta’minlash muhimligini qo‘shimcha qildi. Mavsumda sport musobaqalari, ijodiy tanlovlar, kino kunlari o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

O‘sha yig‘ilishda prezident SAT (AQSh universitetlarga kirish uchun standartlashtirilgan test) imtihonidan 75 foizdan yuqori natija olgan yoshlar OTMga grant asosida qabul qilinishini bildirgandi. Qolaversa, 73 ta akademik litseyda “Xalqaro bakalavriat” va A-level dasturlari joriy qilinadi, ularni bitirganlar oliygohlarga imtihonsiz kiradi.

Bundan tashqari, texnikumlarni a’lo baholarga bitirganlar xalqaro klassifikatorga mos keluvchi diplom oladi. Ular oliygohda ikkinchi yoki uchinchi kursdan boshlab shartnoma asosida o‘qishni davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Prezident maktablari agentligi huzurida Olimpiadalarga tayyorlash markazi tashkil etiladi.