Telegram asoschisi Pavel Durov bir necha kun davom etgan O‘zbekistonga tashrifi haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. U mamlakatni juda yoqtirishini yozdi va sayohatining suratlari bilan bo‘lishdi.

“O‘zbekistonda Telegram`ni sevishadi: mamlakatning 37 million aholisining 70 foizdan ortig‘i Telegram`dan foydalanadi va ularning butun iqtisodiyoti bizning platformamiz bilan bog‘langan (mamlakatdagi har bir biznesning Telegram-boti yoki kanali mavjud). Biz bu mashhurlikdan faxrlanamiz va buning evaziga O‘zbekistonni sevamiz”, — dedi Pavel Durov.

U jadal rivojlanayotgan Toshkentning zamonaviy infratuzilmasi, Sharqiy O‘zbekistonning tog‘li landshaftlari, Buxoro va Samarqandning boy tarixidan lol qolganini ta’kidladi.

telegram, toncoin, павел дuров

“Ko‘plab yosh va iqtidorli, qalbi mehribon insonlarni uchratdim. Men samimiy qabul uchun minnatdorman va shu yil oxirida quyoshli Toshkentda qolishga umid qilaman”, — deb yozadi u.

Kuni kecha O‘zbekiston prezidentining kuyovi, Markaziy Osiyo MMA (aralash yakkakurashlar) konfederatsiyasi rahbari Otabek Umarov Pavel Durov bilan uchrashganini ma’lum qildi.

“Joriy haftada Telegram jamoasi loyiha asoschisi Pavel Durov va uning akasi Nikolay boshchiligida O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Mamlakatimizda ushbu xizmatga alohida iliq munosabat bildiriladi, chunki Telegram biz uchun shunchaki birinchi raqamli messenjerdan kattaroq narsadir. Biz uning yordamida yaqinlarimiz bilan doim aloqada bo‘lish bilan birga, yangiliklardan xabardor bo‘lamiz, ishlarni yuritamiz, kerakli tovar va xizmatlarni topamiz. Telegram har qanday masalada mobil internetning deyarli har bir foydalanuvchisiga yordam beradi”, — deb yozdi Telegram sahifasida.

Foto: @otabek_muhammadalievich / Telegram.Foto: @otabek_muhammadalievich / Telegram.

“Biz uchun Pavel va uning yaqinlarini mehmondo‘st O‘zbekiston zaminida qabul qilish haqiqiy sharafga aylandi. Ularning barchasi yuksak darajadagi o‘z ishining ustalari bo‘libgina qolmay, balki dunyoga qalbi ochiq bo‘lgan ajoyib insonlar ekanligiga shaxsan ishonch hosil qilish benihoya yoqimli hissiyotdir. Umid qilamizki, Toshkent, Buxoro va Samarqand shaharlari qoldirgan taassurotlar hamda Telegram foydalanuvchilari bilan muloqot ularga yangi texnologik yechimlarni yaratishga ilhom beradi. Bunga juda oz fursat qolganiga ishonaman”, — deya qo‘shimcha qildi Otabek Umarov.

O‘zbekistondan oldin Pavel Durov Qirg‘izistonda bo‘lgan. Safardan so‘ng u bu mamlakatga qaytishga ham va’da bergan.

Pavel Durov 10-iyun kuni Markaziy Osiyo mamlakatlariga tashrif buyurishi haqida ma’lum qilgandi. “Men Markaziy Osiyoga borib, u yerda hayot qanday ekanini ko‘rishga, odamlar Telegram`dan qanday foydalanishini va ularning raqamli ehtiyojlarini o‘rganishga qaror qildim”, — deb yozgandi u.

Safar maqsadi

“Gazeta.uz”ning ikki manbasi Pavel Durov O‘zbekiston rasmiylari bilan Telegram-bank ochish, shuningdek, Toncoin kriptovalyutasini qonuniylashtirish masalasini muhokama qilgani haqida xabar berdi.

Qozog‘istonda Pavel Durovning Ostona xalqaro moliya markaziga (OXMM) tashrifi chog‘ida o‘zi asos solgan Toncoin ma’qullandi. Endi valyutani OXMMda ro‘yxatdan o‘tgan kriptobirjalarida sotish mumkin.

Toncoin — bu The Open Network (TON) blokcheyn platformasida yaratilgan kriptovalyuta. Dastlab, loyiha Telegram Open Network deb nomlangan va Telegram tomonidan blokcheyn platformasi sifatida ishlab chiqilgan. Endilikda Toncoin TON tarmog‘ida raqamli aktiv sifatida ishlatilmoqda.