Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida fuqarolarga coxta to‘pponcha o‘qtalib, video olgan blogerga nisbatan sud hukmi o‘qildi, deya xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi.

Ma’lum qilinishicha, bloger Qo‘qon shahrida joylashgan klublarning birini reklama qilish maqsadida soxta to‘pponchani fuqarolarga o‘qtalgan va buni videoga olgan. So‘ngra videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylagan va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan.

“Videoda pistoletga o‘xshagan o‘yinchoq bor edi. Qo‘qon shahar ichki ishlar xodimlari meni chaqirdi. Qilgan ishimdan pushaymonman. Yoshlar, boshqa qaytarmanglar. Uzr so‘rayman”, — dedi u.

Holat bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.

Surishtiruvlar davomida bu kabi huquqbuzarliklar fuqaro tomonidan avval ham bir necha marotaba sodir etilgani aniqlangan. Xususan, yanvar oyida mazkur blogerning Qo‘qon shahrida avtomobillar qatnaydigan yo‘lda stolga o‘tirgancha ovqatlanayotgani aks etgan video tarqalgandi. Buning uchun unga jarima jazosi qo‘llangandi.