O‘zbekistonda energiya ta’minoti korxonalarini elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar uchun jarimaga tortish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 29-iyun kuni moliya, yuridik, konsalting, IT va aloqa sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda so‘z yuritildi.

IT-kompaniya vakili Abduqahhor Toshmuhamedov elektr energiyasi tez-tez o‘chib qolayotganidan shikoyat qildi.

“IT elektr borligida boshlanadi, tugaganda tugaydi. Bu yerda elektr tarmoqlari korxonalari bilan kelishuvlarni jarima tomonga o‘tkazilsami… Sababi yoz boshlanganidan beri kuniga 3−4 soatga tok o‘chadi. Tijoriy narxlarga o‘tildi, lekin haligacha ularning javobgarligi bo‘lmadi. Har kuni bir vaqtda tok o‘chadi, buni ham tartibga solib berilsa, yaxshi bo‘lardi”, — dedi u.

Tadbirkor xorijlik hamkorlar oldida javobgarligi borligini, tijorat majburiyatlarini buzganliklari uchun jarima to‘lashlari kerakligini eslatib o‘tdi.

Biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov elektr ta’minotidagi uzilishlar bilan bog‘liq muammo rostdan mavjudligini ta’kidlab, bu iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari, jumladan, ishlab chiqarishga ham ta’sir ko‘rsatayotganini aytdi.

“Bu bo‘yicha taklif ishlab chiqyapmiz, haqiqatan „elektroset“ ogohlantirmasdan o‘chirsa, javobgarlik masalasi [borasida]. Lekin har kuni o‘chiryapti, ba’zi holatlarda nosozliklar bo‘lishi mumkin. Hech kim kafolat bermaydi. Lekin ogohlantirmasdan o‘chirsa yoki boshqa holatlarda ularning javobgarlik masalasi bo‘lishi kerak. Chunki sizlar tadbirkorsizlar, sohangiz to‘xtab qolishi mumkin. Javobgarlik masalasi bo‘yicha taklif ishlab chiqyapmiz”, — dedi u.

2020-yilning iyul oyida deputat Maqsuda Vorisova (2021-yilgi saylovda XDPdan prezidentlikka nomzod) davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarni to‘liq qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidlagandi. “To‘lovni kechiktirgani uchun iste’molchi jarima to‘laydi yoki tarmoqdan uziladi. Ammo elektr energiyasini yetkazib berish ogohlantirishsiz to‘xtatilsa, yetkazib beruvchiga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmaydi”, — degandi deputat.

2022-yilning noyabr oyida Xalq demokratik partiyasi elektr ta’minotidagi uzulishlar uchun jarima qo‘llanishi yoki yetkazilgan zarar qoplab berilishi kerakligini qayd etgandi. O‘shanda partiya aholini elektr energiyasi, gaz va ko‘mir bilan ta’minlash tizimlarini qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi, deb hisoblashini ma’lum qilgan.

2024-yilning fevral oyida elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha namunaviy shartnomaga o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilgandi. Ular aholi va tadbirkorlarga elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar oqibatida ko‘rgan zarari uchun sud orqali kompensatsiya undirish imkonini berishi kerak edi.