Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax shahridagi “Navro‘z” bog‘ida 30-iyun kuni 5000 ta shar uchirilishi haqida e’lon tarqaldi. Videoda bepul muzqaymoqlar va 10 mingta sovg‘alar ham tarqatilishi aytilgan.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ma’lum qilishicha, Milliy gvardiya bilan tuzilgan ishchi guruh holat bo‘yicha voqea joyida bo‘ldi. O‘rganish davomida sharlar yorilib, yaroqsiz holatga keltirildi.

Vazirlik plastik o‘yinchoqlar va sharlarni uchirish, tabiatni ifloslantirishga, chiqindilar bilan to‘ldirishga sabab bo‘ladigan bunday tadbirlarni qoraladi. Bu kabi holatlar taqiqlangani va javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib o‘tdi.

“Ammo, ming afsuski, ekologiya va aholi salomatligi haqida umuman qayg‘urmaydigan ayrim tadbirkorlar, ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan shar uchirish kabi tadbirlar o‘tkazilishi uchrab turibdi”, — deyiladi xabarda.

Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Ekologiya vazirligi sharlarni O‘zbekistonga olib kirish uchun bojxona to‘lovlarini 10 baravarga oshirishni taklif qilmoqda. Shar uchirish kabi tadbirlarni o‘tkazmoqchi bo‘lganlarga utilizatsiya talabini qo‘yish va bunda sharlarning narxiga nisbatan 100 baravar miqdorda narx belgilash taklifi ilgari surilgan.

Avvalroq Toshkent shahri Ekologiya boshqarmasi 10-aprel kuni “Ashxobod” sayilgohidagi charxpalakdan 20 mingta shar yog‘dirilishi haqidagi xabarga munosabat bildirib, sharlar 5 metr balandlikdagi balkalardan tushirilishini bildirgandi. Tashkilotchilar ekologiyaga zarar yetkazmaslik to‘g‘risida ogohlantirildi, deb bildirgan boshqarma.

Ma’lumot uchun, hukumatning 28-iyundagi qarori bilan ommaviy tadbirlarda fuqarolarga reklama, aksiya ko‘rinishida oziq-ovqat va buyumlarni bepul tarqatish taqiqlandi. Qolaversa, haddan tashqari arzonlashtirilgan narxda sotish orqali jalb qilish ham mumkin emas. Yangi qaror bo‘yicha nazoratni Milliy gvardiya va IIV amalga oshiradi.