Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston o‘g‘il-qizlarini 2018-yildan buyon nishonlanib kelinayotgan 30-iyun Yoshlar kuni bilan tabrikladi.

Davlat rahbari “yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni kamol toptirish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida doimo e’tibor markazida bo‘lib kelayotganini” eslatdi.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda “mamlakatda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dunyoda o‘xshashi kam bo‘lgan vertikal boshqaruv tizimi yaratilgan. Bu esa mahallalardagi prezident vakillari bo‘lgan yoshlar yetakchilari orqali yigit-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq ko‘plab masalalarni quyi bo‘g‘inning o‘zida hal etish imkonini bermoqda”.

Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan, xalqaro olimpiadalarda muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan yoshlar, qolaversa, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasining tarixda ilk bor Olimpiadaga kirishi haqida gapirarkan, shunday dedi: “Mana, bizning qanday iste’dodli, bilimli va matonatli yoshlarimiz bor! „Yangi O‘zbekiston yoshlari“ degan sharafli nomga har tomonlama munosib bo‘lgan bunday yigit-qizlar bizning bebaho boyligimiz, oltin fondimizdir”.

“Farzandlari bilimli, iste’dodli, o‘zining kuchi va salohiyatiga ishonib, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning istiqboli, albatta, yorug‘ bo‘ladi. Biz O‘zbekiston yoshlarini ana shunday ezgu fazilatlar sohiblari etib tarbiyalash uchun bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”, — dedi prezident.

“Hech qachon unutmang, sizlar yoshlikning har bir daqiqasini g‘animat bilib, doimo bunyodkorlik va ijodkorlik hissi bilan, Vatanga cheksiz mehr va sadoqat tuyg‘usi bilan yashasangiz albatta kam bo‘lmaysiz, — dedi u.