BYD kompaniyasi O‘zbekistonga kirib kelganidan beri narx-navo tushib bormoqda, bunday tendetsiya esa davom etadi. Bu haqda BYD Uzbekistan Factory bosh direktori Shafqatbek Alimov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaga Shavkat Mirziyoyev bir nechta vazifalarni belgilab bergan. Xususan, ishlab chiqariladigan ommabop mashinalar modelini ko‘paytirish, ishlab chiqarish hajmini 500 mingtaga oshirish, mahalliylashtirish hajmini 60 foizga yetkazish, malakali kadrlar tayyorlash, tannarxni pasaytirish shular jumlasidan.

Shafqatbek Alimov, shuningdek, prezidentga hozirda Xitoyda ommabop bo‘lib turgan bir nechta modellar — E2, Seagull va Yuan (quyidagi rasmda) ko‘rsatilgani va ular davlat rahbariga ma’qul kelganini bildirdi.

Foto: “O‘zbekiston 24” Foto: “O‘zbekiston 24”

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistondagi zavodda ishlab chiqariladigan BYD`lar narxi chetdan olib kelinadiganlari narxidan arzon bo‘ladi.

“O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan mashina chetdan olib kelib sotilayotgan mashina narxidan arzon bo‘ladi. Narx-navo masalasida hozirgi kunda qo‘yilgan vazifalar ta’sir qiladi, ya’ni mahalliylashtirish ortgani sari logistik xarajatlar kamayadi, qo‘shilgan qiymat ortadi va tannarx ham o‘zidan-o‘zi tushib boradi. Elektromobillarning tannarxiga ta’sir qiladigan eng asosiy narsa bu — akkumulyator batareyasi. Qurilmaning 1 kV narxi o‘tgan yili 132 dollar edi. Bu yil 100 dollarga yaqinlashdi, 2025-yilga borib 50 dollarga yaqinlashadi, degan prognozlar bor”, — deb ta’kidladi avtozavod bosh direktori.

Uning aytishicha, kompaniyaning O‘zbekistonga kiritayotgan investitsiyalari hajmi dastlab 60 mln dollarga teng edi. Hozirda loyiha qiymati 160 mln dollar. Uni 2030-yilga borib 500 mln dollarga yetkazish haqida gap ketmoqda, dedi Shafqatbek Alimov. “Biz hozir bitta zavodni ishga tushirish arafasida keyingi zavodlarning konsepsiyasini ishlab chiqib, joy tanlab, qaysi modellarni ishlab chiqarish to‘g‘risidagi muzokaralarni boshlab yubordik”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Bundan tashqari, kompaniya hajmni oshirgach mashinalarni eksport qilishni boshlashni reja qilmoqda.

“Hamkorlar bilan kelishganmiz: O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan modellar boshqa davlatlarga faqat O‘zbekistondan eksport qilinadi. Ya’ni Xitoyda ishlab chiqarilgan o‘sha modellar bizning eksport bozorimizga olib kelinmaydi. Avtomobilsozlik sanoatida muhandis kadrlarning o‘rni katta. Shu nuqtai nazardan BYD`ning tajribasi bor. Kompaniya har yili 10 ming nafar bitiruvchini ishga oladi. Hozir 600 ming nafardan ziyod xodimlari bor. Kelajakda ham mahsulot, ham texnik jarayon darajasida muhandislar tayyorlashga zarurat bor. Bizda ishlab chiqarish uchun 11 ta muhim yo‘nalish bor, uning har biri uchun alohida tayyorlov maktablari yaratilishi butun boshli klasterga foydasi tegadi”, — deya ta’kidladi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Jizzaxdagi zavod xorijdagi BYD kompaniyasining elektromobil va gibrid avtomobil ishlab chiqarish bo‘yicha ilk zavodi hisoblanadi. Hozir kompaniya Tailand, Vengriya davlatlarida zavod qurishni rejalashtirmoqda. Zavod 8 oyda qurib bitkazildi, uni qurishga 1,5 mingdan ortiq qurilma jalb etilib, eng ilg‘or texnologiyalar joriy qilingan holda avtomobil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Eslatib o‘tamiz, 27-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Jizzaxdagi BYD Uzbekistan Factory avtomobil zavodiga tashrif buyurgandi. Hozir u yerda 2 modeldagi avtomobil ishlab chiqarilmoqda — Chazor va Song Plus Champion. Shavkat Mirziyoyev BYD prezidenti Van Chuanfu bilan kompaniyaning O‘zbekistonda “yashil” transportni rivojlantirish loyihasida ishtirok etish rejalarini muhokama qilgandi. U innovatsion tadqiqot markazini yaratish, Blade batareyalari va BYD elektrobuslarini ishlab chiqarish kabilarni o‘z ichiga oladi.