Shavkat Mirziyoyev 1-iyul kuni tarmoq va hududlarda energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha hisobot bilan tanishdi.

Prezident matbuot xizmatining yozishicha, joriy yil boshida hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar shakllantirilgan. U energiya iste’molini, ishlab chiqarishga xalal bermagan holda, samarali tashkil etish orqali muayyan hajmlarni tejashga qaratilgan.

energiya samaradorligi, energiya ta’minoti, energiya tejamkorlik, prezident

Davlat rahbari yig‘ilishda energiya iste’molida o‘g‘irliklar ko‘pligini ko‘rsatib o‘tdi. “Masalan, bu yil 15 mingta holatda tabiiy gaz va 28 mingta holatda elektrdan o‘g‘irlik aniqlangan. Buning sababi — hozirgi tizimda noqonuniy ulanishlarning oldini olish emas, oqibati bilan kurashilyapti”, — deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyev bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, energiya sarfini qat’iy nazorat qilish, mas’ullarning javobgarligini oshirish zarurligini qayd etdi.

Bundan tashqari, u sohadagi investitsiyaviy loyihalarni, chet ellik sheriklar bilan erishilgan kelishuvlarni yuqori darajada amalga oshirish kerakligini ta’kidladi.

energiya samaradorligi, energiya ta’minoti, energiya tejamkorlik, prezident

Shuningdek, yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha ham axborot berildi. Qayd etilganidek, 850 kilometr magistral tarmoq va 9 ta podstansiyani ta’mirlash bo‘yicha ishlar boshlangan. Bunga qo‘shimcha 595 kilometr elektr tarmog‘i qurilib, qator yangi podstansiyalar ishga tushiriladi. Issiqlik stansiyalari barqaror ishlashi uchun zarur yoqilg‘i, butlovchi va ehtiyot qismlar zaxiralari shakllantirilmoqda.

Mutasaddilarga energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilib, energiya yetkazib berish uzluksizligini ta’minlash yuzasidan vazifalar qo‘yildi.