“Foton” ustav kapitalidagi 85,58 foiz davlat ulushi xususiylashtirildi, deya xabar qildi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

Xususan, “Foton” AJ ustav kapitalidagi 85,58 foiz davlat ulushini professional konsultantni jalb etgan holda muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish yo‘li bilan tashkillashtirilgan xususiylashtirish natijalari bo‘yicha 151 mlrd so‘m sotib olish to‘lovi bilan Havvo Group MCHJ savdo g‘olibi deb topildi.

“G‘olib tomonidan kelajakda Korxonaning ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, mahsulotlar turini va realizatsiyasi geografiyasini yanada kengaytirish, boshqaruv samaradorligini oshirish, shuningdek korxona faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimlarini joriy etish va barqaror rivojlantirishni ta’minlash rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.

“Foton” haqida

“Foton” zavodi 1942-yilda tashkil etilgan va bugungi kunda taxminan 68 ming kvadrat metrga teng ikkita ishlab chiqarish maydoniga ega. Davlat 296 mutaxassis ishlaydigan korxona aksiyalarining 85,6 foiziga egalik qiladi. “Foton” 30 dan ortiq turdagi yarimo‘tkazgich mahsulotlari va mikrosxemalar, televizorlar, changyutkichlar, onlayn kassa apparatlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. 2020-yil dekabr oyida “O‘zeltexsanoat” Rossiya investorlariga “Foton”ning davlat aksiyalari paketini taklif qilgan.

“Foton” aksiyadorlik jamiyatining asosiy faoliyat sohasi radioelektron jihozlar uchun elektron texnika va integral mikrosxemalar ishlab chiqish, ishlab chiqarish hamda elektronika asosidagi turli mahsulot turlarini ishlab chiqarish hisoblanadi. Korxona (70 xildan ortiq) diskret va planar yarim o‘tkazgichli diodlar, kam shovqinli dala tranzistorlari va integral mikrosxemalarni tayyorlash texnologiyalariga egalik qiladi. Korxonada zamonaviy nazorat-kassa mashinalari, LED televizorlar, go‘daklarni tortishga ishlatiladigan torozilar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

2023-yilda “Foton” AJ tomonidan 14,5 ming dona mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lib, sof tushumi 36,4 mlrd so‘mni, sof foydasi 1,4 mlrd so‘mni, sof aktivlari 20,1 mlrd so‘mni va majburiyatlari 1,8 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Xaridor haqida

Havvo Group 2019-yilda tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi xoldingi bo‘lib, mavsumiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, quritilgan mevalar va yong‘oqlar eksporti va importi bilan shug‘ullanadi. Xolding tarkibiga Havvo Group, Havvo Agro Food, Havvo Trust, Havvo Noble MDH kompaniyalar guruhi kiradi.

Kompaniya saytida qayd etilganidek, xoldingning yillik eksport aylanmasi qariyb 30 million dollarni, import aylanmasi esa 10 million dollarga yaqin. Korxona asoschisi va rahbari Ziyodulla Rahmat o‘g‘li Xolmirzayevdir.