Shavkat Mirziyoyev 1-iyul kuni Ko‘ksaroy qarorgohida rasmiy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

“Davlat rahbari Guterrishning respublikaga bu galgi — ikkinchi tashrifi (birinchisi 2017-yilda) „O‘zbekiston-2030“ strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar BMT tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganining tasdig‘i ekanini ta’kidladi”, — deyiladi xabarda.

антониу гутеррish, бмт

Muzokaralar chog‘ida global va mintaqaviy tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish holati muhokama qilindi.

140 ta qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh assambleyasining 10 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani haqida so‘z bordi.

Matbuot xizmati quyidagilarni sanab o‘tdi: “yil boshidan buyon BMT bosh kotibining beshta o‘rinbosari O‘zbekistonga tashrif buyurdi. O‘tgan oyda mamlakat Iqtisodiy va ijtimoiy kengash (ECOSOC) tarkibiga va Xalqaro mehnat tashkilotining Ma’muriy kengashiga saylandi. O‘zbekiston vakili birinchi marta BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi bo‘ldi. Toshkentda BMTning yana bir maxsus muassasasi — Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro jamg‘armaning vakolatxonasi ish boshladi”.

антониу гутеррish, бмт

Ta’kidlanishicha, birgalikda global kun tartibiga oid yirik xalqaro tadbirlar, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligi, turizmni rivojlantirish, kambag‘allik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazilmoqda. Kelgusi yilda Samarqandda YUNESKOning 43-bosh konferensiyasi bo‘lib o‘tadi.

антониу гутеррish, бмт

Uchrashuvda, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar yuzasidan ham fikr almashildi. Davlat rahbari bosh kotibning xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, BMT va uning asosiy organlarini isloh qilish hamda joriy yilda Nyu-York shahrida Kelajak sammitini o‘tkazish tashabbuslarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Mintaqada transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish, oziq-ovqat, energetika va axborot xavfsizligini ta’minlash sohasida hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

антониу гутеррish, бмт

Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat muhokama qilinib, afg‘on xalqiga gumanitar yordamni kengaytirish, jahon hamjamiyatining bu mamlakatga nisbatan umumiy strategiyasini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida 2026−2030-yillarda O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha BMT bilan hamkorlikning hadli dasturini birgalikda ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lgan uchrashuvda Antoniu Guterrishga jahonda hamjihatlik va birdamlikni faol ilgari surish, tashkilot faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, mamlakat va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun O‘zbekistonning oliy davlat mukofotlaridan biri — oliy darajali “Do‘stlik” ordeni topshirildi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Antoniu Guterrish Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ekdi.

Mamlakatga tashrif doirasida BMT rahbari O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Narbayeva bilan ham uchrashdi.

Tashqi ishlar vazirligining bildirishicha, Antoniu Guterrish Toshkent viloyatidagi RiverSide quyosh fotoelektr stansiyasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonda “yashil” energetika sohasi bilan tanishdi.

Bosh kotib, shuningdek, Toshkentdagi Hazrati Imom majmuasi hamda Yakkasaroy tumanidagi Dilbuloq mahallasiga tashrif buyurdi.

Eslatib o‘tamiz, Antoniu Guterrishning Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmanistonga ham borishi reja qilingan. Joriy sayohat 7-iyulga qadar davom etadi.