Davlat xavfsizligi xizmati xodimlari bilan birgalikda hududlarda fuqarolarni noqonuniy xorij davlatlariga ishga yuborishni va’da qilganlar qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Samarqand shahrida A.Sh. fuqarolarni Angliyaga ishlash uchun yuborishni va’da qilgan. Evaziga ularning 18 ming dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida esa X.T. fuqaro S.K.ning ishonchiga kirib, uni Kanada davlatiga ishga yuborishini aytgan. Buning evaziga 3 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qoraqalpog‘istonda I.J. fuqaro E.X.ni 1,5 ming dollar evaziga Serbiya yoki Bolgariya davlatlariga ishlash uchun viza olib berishini bildirgan. Shundan 500 dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushgan.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda.