2024-yilgi yoz faslining o‘rtasi — iyul oyi qulay sharoitlardan boshlanadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.

1−3-iyul kunlari havo harorati +31…+36 daraja atrofida, janubda +38…+40 darajagacha bo‘ladi. So‘ngra harorat tartibi bo‘yicha me’yorga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.

Oyning katta qismida havo harorati +35…+40, janubda va cho‘l hududlarda +41…+43 darajagacha bo‘ladi. Faqat ayrim kunlarda harorat bu qiymatlardan 2−3 darajaga yuqori bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston hududining katta qismida o‘rtacha +40 daraja va undan yuqori haroratli iyul oyida juda issiq kunlar soni 2 kundan 5 kungachani, shimolda 6−8 kunni, janubda va cho‘l hududlarda 12−15 kunni tashkil etadi. So‘nggi yillarda bunday issiq kunlar sonining ko‘payishi tendensiyasi kuzatilmoqda, deya ta’kidlaydi mutaxassislar.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda, asosan tog‘oldi va tog‘li hududlarda iyul oyining ayrim kunlarida mahalliy xususiyatga ega bo‘lgan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi ehtimoli bor.

Tarixda iyul oylari qanday o‘tgan?

Iyul — yoz faslining eng issiq davri bo‘lgani uchun O‘zbekistonda iyul oyida eng yuqori havo haroratlari kuzatiladi. Oyning o‘rtacha maksimal harorati (yoki iqlimiy me’yor) respublika hududining katta qismida +35…+37, janubda va cho‘l hududlarda +38…+40 darajani tashkil etadi.

Ammo deyarli har yili iyul oyida havo harorati +39…+41 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +43…+45 darajagacha bo‘lgan juda issiq davrlar kuzatiladi, eng issiq yillarda esa bundan ham yuqor bo‘ladi. So‘nggi 10 yil ichida (2014−2023) 7 ta iyul meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq o‘ntalikka kirgan.

Xususan, 2014-yil iyul oyi iqlimiy me’yordan sovuqroq, 2016 va 2020-yillarning iyul oylari me’yordan biroz issiqroq bo‘lgan. Respublika hududining katta qismida meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun 2019-yil iyul oyi eng issiq bo‘lgan. Misol uchun, Toshkent shahrida 14 kun davomida maksimal havo harorati ketma-ket +40 darajadan yuqori bo‘lib, eng issiq kunlarda esa +43 darajagacha yetgan. O‘zbekistonning shimoliy hududlarida 2018-yil iyul oyi, eng chekka janubda esa 2021-yil iyul oyi eng issiq bo‘lgan.

Infografika: O‘zgidromet.Infografika: O‘zgidromet.

Yuqorida qayd etilgan yillarda maksimal havo harorati +41…+43, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +44…+45 darajaga yetgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda havo haroratining tarixiy maksimumi +46…+48 daraja bo‘lgan. Respublikaning qolgan hududlarida boshqa yillarda ham maksimal haroratning mutlaq rekordlari o‘rnatilgan.

Toshkentda rekord havo harorati hali ham +44,6 darajani tashkil etadi, bu 1997-yil iyul oyida qayd etilgan. O‘zbekiston hududi bo‘yicha eng yuqori iyul oyi harorati barcha kuzatuv yillari uchun Qizilqum cho‘lida qayd etilgan. Ushbu hududda 1983-yil iyul oyida havo harorati +50 darajaga yetgan.

Sinoptiklarning eslatishicha, harorat rekordlari va ularga yaqin qiymatlar juda kamdan-kam hollarda faqat eng issiq iyul oylarida kuzatiladigan alohida holatlardir.

Iyul oyida yomg‘ir kamdan-kam hollarda yog‘adi, chunki bu yilning eng quruq oylaridan biridir. O‘rtacha ko‘p yillik davr uchun hududning katta qismida 1−2 kun, ba’zi joylarda 3−4 kungacha yomg‘ir kuzatiladi. Odatda iyul yomg‘irlari mahalliy xususiyatga ega bo‘lib, juda qisqa bo‘ladi.

Farg‘ona vodiysi va respublikaning tog‘li hududlarida yomg‘ir ko‘proq — oyda o‘rtacha 6−9 kungacha yog‘adi. Bu hududlarda iyul oyida hali ham sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi kuzatiladi, deyiladi xabarda.