Bundan 124 yil avval, 1900-yilning 29-iyunida fransuz yozuvchisi va uchuvchisi Antuan de Cyent-Ekzyuperi tug‘ilgan. Uning uchuvchilikka bo‘lgan qadami 1921-yilda Fransiya armiyasiga chaqirilishidan boshlangan bo‘lsa, yozuvchilikka kirib kelishi 1923-yilda yuz bergan aviafalokat bilan bog‘liq. Falokat oqibatida bosh miya suyagi jarohatlangan Ekzyuperi Parijga jo‘nab ketib, u yerda yozuvchilikka sho‘ng‘ib ketadi.

Ekzyuperi turli yillarda “Uchuvchi”, “Janubga xat”, “Tungi parvoz”, “Bashar sayyorasi”, “Harbiy uchuvchi”, “Istehkom”, “Yoshlik maktublari” kabi asarlar yozdi. 1943-yilda uni butun dunyoga tanitgan “Kichkina shahzoda"si nashrdan chiqdi. Dunyoning 300 dan ortiq tiliga tarjima qilingan ushbu qissa 1988-yilda Xayriddin Sultonov tomonidan o‘zbek tiliga ham o‘girilgan (avvalroq Botir Zokirov tomonidan radiopostanovkasi ham tayyorlangan).

“Gazeta.uz” uchuvchi va yozuvchilikni o‘zida mujassam etgan Antuan de Cyent-Ekzyuperi tavallud kuni munosabati bilan “Kichkina shahzoda” asaridan parchalar berdi.

“Kichkina shahzoda"dan parchalar

***

Kattalar hech qachon biror narsani o‘zlaricha tushuna olmaydilar. Ularga hadeb hijjalab tushuntirib beraverish esa oxir-oqibat bolalarning ham joniga tegib ketadi.

***

Menda Kichkina shahzoda B-612 deb atalmish mo‘'jaz sayyoradan tushib kelgan, deb hisoblashga jiddiy asoslar bor. Bu asteroid teleskopda faqat bir marta — 1909-yili bir turk astronomi tomonidan kuzatilgan edi. O‘shanda astronom ajoyib kashfiyoti haqida xalqaro astronomiya kongressida ma’ruza qilgan, ammo uning gapiga biror kimsa ishonmagan. Chunki u turkcha kiyingan edi. Ana shunday g‘alati xalq bu kattalar!

Buni qarangki, B-612 deb atalmish asteroidning baxtiga turk sultoni o‘z fuqarolariga o‘lim jazosi tahdidi bilan, yevropacha kiyinishni joriy etdi. O‘shanda astronom 1920-yili kashfiyoti haqida tag‘in ma’ruza qildi. Bu safar u eng so‘nggi modada kiyingan edi — hamma uning gapini ma’qulladi.

B-612 deb atalmish asteroid haqida sizga bunday batafsil so‘zlab o‘tirganimga, hatto uning tartib raqamini keltirganimga kattalar sabab. Chunki kattalar raqamlarni juda yaxshi ko‘rishadi. Agar ularga yangi do‘st orttirganingiz haqida so‘zlab qolsangiz, ular hech qachon asosiy narsa haqida so‘ramaydilar.

Ular hech qachon: “Uning ovozi qanaqa? Qanaqa o‘yinlarni yaxshi ko‘radi? U kapalak tutadimi-yo‘qmi?” deb surishtirmaydilar. Ular: “Yoshi nechada? Nechta og‘a-inisi bor? Vazni qancha ekan? Otasi qancha moyana oladi?”, deya so‘ray ketadilar. So‘ng shu tariqa o‘zlaricha odamni bilib olgan bo‘ladilar.

Mabodo kattalarga: “Men qizg‘ish g‘ishtli bir chiroyli uyni ko‘rdim, derazasida yorongul ochilib turibdi, tomida kaptari bor”, — deb aytsangiz, ular bu imoratni sira ham ko‘z o‘nglariga keltira olmaydilar. Ularga: “Men yuz ming frankli uyni ko‘rdim”, — deb aytish lozim — shunda ular: “Ana go‘zallig-u mana go‘zallik!”, deya xitob qiladilar…

Ana shunaqa g‘alati xalq bu kattalar. Ular xafa bo‘lib o‘tirishga arzimaydi. Bolalar kattalarga nisbatan kengfe’l va kechirimli bo‘lishlari lozim. Ammo bizlar, ya’nikim, hayotning nima ekanini anglaydigan kishilar, nomerlar va raqamlar ustidan qah-qah urib kulamiz!

***

Kichkina shahzodaning sayyorasida ana shunday zararli mudhish urug‘lar bor ekan — baoboblarning urug‘i. Sayyoraning tuprog‘ida shu yovuz urug‘ to‘lib-toshib ketgan ekan. Agar baobobni o‘z vaqtida payqab yulib tashlanmasa, keyin undan qutulishning iloji bo‘lmaydi. U butun sayyorani egallab oladi, bahaybat, quturgan tomirlari bilan uni har tomondan chirmab eza boshlaydi. Mabodo sayyora mo‘'jazgina bo‘lsayu, baoboblar son-sanoqsiz bo‘lsa, u holda ular uni tilka-pora qilib tashlashi ham hech gap emas.

— Bizda shunday qoida bor, — dedi Kichkina shahzoda keyinchalik menga. — ertalab uyqudan turib, yuz-qo‘lingni yuvgach, u yoq-bu yoqni yig‘ishtirganingdan so‘ng, darhol sayyorangni tozalashga kirishmog‘ing lozim. Baoboblarni har kuni, kanda qilmay yo‘q qilib turish kerak. Ammo ularni gul ko‘chatidan ajrata bilish kerak: ikkalasining ham niholi bir-biriga judayam o‘xshaydi. Bu judayam zerikarli ish, lekin sira ham qiyin emas.

***

Do‘stim qo‘zichog‘i bilan birga meni tark etganidan buyon oradan olti yil o‘tdi. Uni unutib yubormaslik uchun ham u haqda so‘ylamoqchiman. Chunki dunyoda do‘stlarni unutib yuborishdan ham qayg‘uliroq narsa yo‘q. Axir do‘st bo‘lish har kimga ham nasib etavermaydi-da. Qolaversa, men yorug‘ olamda raqamdan boshqa narsaga qiziqmaydigan kattalarga o‘xshab qolishni sira-sira istamayman.

***

Eh, Kichkina shahzoda! Asta-sekin men sening naqadar g‘amgin va yakrang hayot kechirganingni anglab yetdim. Uzoq yillar mobaynida yagona dilxush ermaging quyosh botar payt — g‘urubni tomosha qilish bo‘lgan ekan. Men buni to‘rtinchi kuni ertalab, o‘zing so‘z orasida:

— G‘urubni judayam yaxshi ko‘raman. Yur, quyosh botishini tomosha qilamiz, — deb qolganingda sezdim…

Haqiqatdan ham, Amerikada kun choshgoh bo‘lganda Fransiyada kun botishini hamma biladi. Agar u yerdan bir lahzaning ichida Fransiyaga yetib borilsa, quyosh botishini ham tomosha qilish mumkin. Baxtga qarshi, Fransiya bu yerdan uzoq, benihoya uzoq. Sening sayyorangda esa tagingdagi kursichani bir necha qadam nari sursang bas — g‘urubga istagancha uzluksiz maftun bo‘lib termilaverish mumkin edi.

— Bir safar men bir kunda qirq uch marta quyosh botishini tomosha qilganman!

Oradan sal o‘tgach, xiyol anduh bilan yana shunday deding:

— Bilasanmi… ba’zan yuraging nimadandir g‘ussaga to‘lib ketganda, botayotgan quyoshga birpas termulib o‘tirsang bormi…

— Demak, g‘urubni qirq uch marta tomosha qilgan kuning judayam xafa bo‘lgan ekansan-da?

Ammo Kichkina shahzoda bunga javoban indamadi.

***

Birinchi asteroidda qirol yashardi…

E, mana, fuqaro ham kelib qoldi! — deb xitob qildi qirol Kichkina shahzodani ko‘rish bilan.

“U meni qayoqdan bilarkan?” — deb o‘yladi Kichkina shahzoda. — Axir umrida birinchi marta ko‘rib turibdi-ku!".

Bilmasdiki, qirollar dunyoga jo‘ngina qaraydilar, ular uchun jamiki odam — fuqaro.

— Yaqinroq kel, qani, seni bir yaxshilab ko‘rib olaychi, — dedi qirol nihoyat kimgadir qirollik qilishi mumkinligidan o‘lgudek taltayib…

“Agar men generalimga, dengizdagi oq chorloqqa aylanasan, deb amr etsamu, general buyrug‘imni bajarmasa, — derdi u, — bu uning emas, mening aybim bo‘ladi”.

— O‘tirsam maylimi? — deya bo‘shashibgina so‘radi Kichkina shahzoda.

— Amr etaman: o‘tir! — deb javob berdi qirol va viqor bilan hashamdor jubbasining bir etagini picha yig‘ishtirdi.

Lekin Kichkina shahzoda hayron edi: sayyora-ku shunday jimit ekan, qirol kimning ustidan hukmronlik qilarkan?

— A'lo hazratlari, — deb so‘z boshladi u, — bir narsani so‘rasam maylimi?

— Amr etaman: so‘ra! — dedi qirol shosha-pisha.

— A'lo hazratlari… Siz kimning, nimaning ustidan hukmronlik qilasiz?

— Hammasining, — deb javob berdi qirol oddiygina qilib.

— Hammasining?

Qirol kamtarona bir harakat bilan o‘z sayyorasiga, shuningdek, tevarakdagi boshqa barcha yulduz va sayyoralarga ham ishora qildi.

— Siz shularning hammasiga hukmdorlik qilasizmi?, — deb qayta so‘radi Kichkina shahzoda.

— Ha, — deb javob qaytardi janob qirol. Zero, u chindan ham qonuniy mutlaq hukmdor bo‘lib, hech qanday to‘siq va cheklanishlarni bilmasdi…

— Men boray, — dedi u qirolga. — Boshqa qiladigan ishim ham qolmadi.

— Yo‘q, ketma! — dedi qirol. U o‘ziga fuqaro topib olganidan nihoyatda xursand edi va undan ayrilishni sira-sira istamasdi. — Qol, men seni ministr etib tayinlayman.

— Qanaqa ministr?

— Himm… bor ana, adliya ministri bo‘laqol.

— Ammo bu yerda sud qiladigan birorta ham odam yo‘q-ku.

— Kim biladi deysan, — deb e’tiroz bildirdi qirol. — Axir men hali butun qirolligimni sinchiklab ko‘zdan kechirib chiqmaganman-da. Ko‘rib turibsan, ancha qarib qolganman, arava qo‘yadigan joyim yo‘q, yayov yurishga esa chog‘im kelmaydi.

Kichkina shahzoda asta egilib, sayyoraning narigi chekkasiga nazar tashladi.

— Men allaqachon sinchiklab qarab chiqdim! — deb xitob qildi u. — U yoqda ham hech zot yo‘q.

— Unday bo‘lsa, o‘zingni sud qila qol, — dedi qirol. — Bu dunyodagi eng og‘ir ish. O‘zingni tergash, sud qilib, hukm chiqarish o‘zgalarni sud qilishdan ko‘ra ming karra qiyinroq. Agar o‘zingni to‘g‘ri sud qila bilsang, demak, chindan donishmand odam bo‘lib chiqasan.

— O‘zimni istagan joyda sud qila olaman, — dedi Kichkina shahzoda. — Buning uchun huzuringizda qolishga aslo hojat yo‘q.

— Himm…himm… — dedi qirol chaynalib. — Nazarimda, sayyoraning allaqaysi yerida bir qari kalamush yashasa kerak. Kechalari bir balolarni qitirlatib yurganini eshitaman. Mana shu kalamushni sud qilsang ham bo‘laveradi. Vaqti-vaqti bilan uni o‘limga hukm qilib turasan. Uning hayot-mamoti senga bog‘liq bo‘ladi. Ammo har safar keyin uni afv etish lozim. Bu qari kalamushni asrab-avaylash kerak, axir o‘zi bor-yo‘g‘i bitta-ya.

— Men birovlarni o‘limga hukm qilishni yoqtirmayman, — dedi Kichkina shahzoda. — Umuman, mening ketar vaqtim bo‘ldi.

— Yo‘q, bo‘lmadi, — deb e’tiroz bildirdi qirol.

Kichkina shahzoda yo‘lga ravona bo‘lmoqchi ediyu, lekin keksa hukmdorni xafa qilishni istamasdi.

— Agar a’lo hazratlari amr-farmonlarining so‘zsiz bajarilishini xohlasalar, — dedi u, — u holda menga oqilona farmoyish berishlari lozim. Masalan, siz menga bir lahza ham hayallamay yo‘lga tushishni buyurishingiz mumkin…

Qirol indamadi. Kichkina shahzoda xiyla kutib turdi-da, asta xo‘rsinib yo‘lga tushdi.

— Seni elchi qilib tayinlayman!, — deb qichqirdi qirol uning ortidan shosha-pisha. Shu tobda u go‘yo umrida gapini birov ikki qilmagandek mamnun va xotirjam ko‘rinardi…

“G‘alati xalq-da bu kattalar”, — deb qo‘ydi Kichkina shahzoda o‘zicha, yo‘lida davom etarkan.

***

Ikkinchi sayyorada shuhratparast yashardi.

— O, ana, muxlis ham kelib qoldi! — deb xitob qildi u Kichkina shahzodani uzoqdan ko‘rishi bilan.

Axir izzattalab odamlarga hamma ularning muxlisi bo‘lib ko‘rinaveradi-da.

— Salom, — dedi Kichkina shahzoda. — Shlyapangiz judayam antiqa ekan-a?

— Bu — ta’zim bajo keltirishga, — deb tushuntirdi shuhratparast. — Meni olqishlashgan paytda ta’zim bajo aylashim lozim. Baxtga qarshi bu yoqqa biror kimsa qadam ranjida qilmagan edi.

— E, shundaymi? — deb qo‘ydi Kichkina shahzoda, u hech narsani tushunmagan edi.

— Bir chapak chalgin, — dedi shuhratparast unga.

Kichkina shahzoda kaftlarini bir-biriga urib chapak chaldi. Shuhratparast shlyapasini boshidan olib, tavoze bilan ta’zim qildi.

Besh daqiqacha shu taxlitdagi qarsak-ta'zimdan so‘ng Kichkina shahzoda bundan ham zerikdi.

— Nima qilsa, shlyapangiz boshingizdan uchib tushadi? — deb so‘radi u.

Ammo shuhratparast bu gapni eshitmadi. Izzattalab odamlar maqtovdan boshqa hamma narsaga kar bo‘lishadi-da.

— Sen rostdan ham mening chin muxlisim bo‘lasanmi?, — deb so‘radi u Kichkina shahzodadan.

— Muxlis bo‘lish degani nima u?

— Muxlis bo‘lish degani — bu sayyorada mening eng go‘zal, eng bashang, hammadan boy va hammadan aqlli ekanimni tan olish demakdir.

— Lekin sayyorangda o‘zingdan boshqa biron zot ham yo‘q-ku!

— Baribir. Kel, menga bir yaxshilik qil, yayrab qolay: Meni bir maqtagin!

— Maqtashga-ku, maqtayman-a, — dedi Kichkina shahzoda xiyol yelka qisib, — ammo bundan senga nima naf…

***

Kichkina shahzoda tosh ustiga o‘tirib, osmonga tikildi.

— Qani endi, yulduzlarning nega charaqlashini bilsam, — dedi u o‘ychan ohangda. — Chamasi, ular, ertami-kechmi har kim o‘z yulduzini topib olish uchun charaqlab tursa kerak. Ko‘ryapsanmi, huv ana mening sayyoram — shundoqqina tepamizda… Ammo u qanchalar uzoqda, eh-he!

— Chiroyli sayyora ekan, — dedi ilon. — Yerga nega kelding, nima qilasan bu yerda?

— Men feruza gulim bilan urushib qoldim, — deya iqror bo‘ldi Kichkina shahzoda.

— E, shunday degin…

Ikkovi ham jimib qoldi.

— Odamlar qayoqda, odamlar? — deb tag‘in so‘radi Kichkina shahzoda. — Sahroda harqalay o‘zingni yolg‘iz sezarkansan kishi.

— Odamlar orasida ham yolg‘iz sezaverasan, — deb qo‘ydi ilon.

***

— Men do‘st izlab yuribman. Xo‘sh, “qo‘lga o‘rgatish” degani nima?

— Bu allaqachonlar unut bo‘lib ketgan tushuncha, — deb tushuntirdi Tulki. — Bu degani — rishtalarni bog‘lamoq demakdir.

— Rishta bog‘lamoq?

— Xuddi shunday, — dedi Tulki. — Hozir sen men uchun dunyodagi o‘zingga o‘xshagan yuz ming bolaning birisan, xolos. Hozircha sen menga kerak emassan. Men ham senga hozir dunyodagi yuz minglab tulkining biriman, xolos. Ammo bordiyu sen meni qo‘lga o‘rgatsang, ikkimiz bir-birimizga kerak bo‘lib qolamiz. Sen men uchun dunyodagi yagona odamga aylanasan. Men ham sening uchun dunyodagi yagonaga aylanaman…

— “Bir kam dunyo” degani shu ekan-da! — deb xo‘rsindi Tulki. Ammo zum o‘tmay, tag‘in so‘z boshladi: — Hayotim judayam zerikarli. Men tovuqlarni poylayman, odamlar esa meni poylaydi. Tovuqning hammasi bir xil, odamniyam. Shuning uchun hayotim mudom zerikish bilan o‘tadi. Agar sen meni qo‘lga o‘rgatsang, qorong‘u turmushimga nur kirardi. Shunda sening oyoq tovushlaringni men minglab odam ichidan ajrata oladigan bo‘laman. Hozir odam sharpasini sezsam, bas, darhol bekinish payiga tushaman. Ammo meni qo‘lga o‘rgatsang bormi, qadam olishing xuddi ohanrabo musiqa yanglig‘ meni o‘ziga chorlaydi-yu, yashirinib yotgan joyimdan istiqbolingga yugurib chiqaman…

Faqat qo‘lga o‘rgatilgan narsalarnigina bilib olish mumkin. Hozir odamlarning biror narsani bilishga vaqti qolmagan. Hamma narsani tayyorligicha do‘kondan olishadi. Lekin do‘st sotadigan do‘kon yo‘q-da, shuning uchun ham odamlar endi do‘st orttirmaydi…

Ertasiga Kichkina shahzoda yana shu joyga keldi.

— Yaxshisi, har kuni bir paytda kela qolgin, — deb iltimos qildi Tulki. — Masalan, agar soat to‘rtda keladigan bo‘lsang, men soat uchdan o‘zimni baxtiyor his qila boshlayman. Muddat yaqinlashgan sari bu quvonch orta boradi. Soat to‘rtda esa yuragim hayajonga to‘lib, shodumonlik bilan tepa boshlaydi. Ana shundagina men baxt-saodatning qadrini sezaman. Bordiyu, sen har kuni har xil vaqtda keladigan bo‘lsang, meni bu baxtiyorlik tuyg‘usidan mahrum qilasan…

***

— Faqat bolalargina nima izlab yurganini biladi, — dedi Kichkina shahzoda o‘zicha. — Ular latta qo‘g‘irchoqqa ham yurak-bag‘rini berib, mehr qo‘yadi. Shu sababli u ularga benihoya qadrli bo‘lib qoldi. Shu sababli ham boladan qo‘g‘irchog‘i tortib olinsa, o‘ksib-o‘ksib yig‘laydi…

— Ularning baxti-da, — dedi nazoratchi.

***

— Yulduzlar judayam chiroyli, chunki qayeridadir guli bor, faqat ko‘rinmaydi, xolos, — deb qoldi.

— Ha, albatta, — dedim men, Oy yog‘dusida tovlanib yotgan qum to‘lqinlariga tikilgancha.

— Sahro ham chiroyli… — deb qo‘shib qo‘ydi Kichkina shahzoda.

Bu gap chindan ham to‘g‘ri edi. Sahro menga hamisha yoqadi. Qum barxaniga chiqib o‘tirasan, hech kim ko‘rinmaydi, hech narsa eshitilmaydi, ammo baribir sahro qo‘ynida nimadir bilinar-bilinmas yaltiraydi…

— Bilasanmi, sahro nima uchun yaxshi? — dedi u. — Chunki uning bag‘rida, ko‘z ilg‘amas allaqayerlarda buloqlar yashiringan bo‘ladi…

— Haa, — dedim ohista. — Yulduzmi, uymi, sahromi, nimaiki bo‘lmasin, undagi eng go‘zal narsa, ko‘zga ko‘rinmaydigan narsadir… Eng asosiy narsani ko‘z ilg‘amaydi, u siyratda, botinda pinhon…

***

— Sening sayyorangda, — dedi Kichkina shahzoda, — odamlar bir chamanzorda besh mingta gul o‘stirar ekan-u, izlaganini topolmas ekan…

— Topolmaydi, — deb ma’qulladim men.

— Holbuki, ular izlagan narsani bir dona guldan, bir qultum suvdan ham topish mumkin.

— To‘g‘ri aytasan, — deb tasdiqladim yana.

Kichkina shahzoda tag‘in o‘yga cho‘mdi:

— Afsuski, ko‘zlar basir, ko‘ngil ko‘zi bilan izlash lozim.