O‘tgan dam olish kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha boshlangan haroratning pasayishi ushbu hafta boshida ham davom etadi, deb xabar berdi O‘zgidromet.

Dushanba va seshanba kunlari Volgabo‘yi hududlaridan kirib kelgan salqin havo oqimi harorat fonini +30…+33 darajagacha, janubda +35…+38 darajagacha pasaytiradi.

Keyinchalik ish haftasining oxirigacha O‘zbekiston hududidan salqin havo chekinadi, ammo bu kunlarda kuchli issiq bo‘lishi kutilmaydi. Respublikaning ko‘pchilik hududlarida havo harorati kunduz kunlari +35…+38 daraja atrofida, janubda ba’zi joylarda +39…+41 darajagacha bo‘ladi.

1−5-iyul kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, tog‘oldi va tog‘li hududlarda 1−2-iyulda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Shamol 7−12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13−18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. 1-iyulda respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Poytaxtda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 1−2-iyulda kunduz kunlari +30…+33 daraja, 3−5-iyulda +35…+38 daraja bo‘ladi. Harorat asosan kechalari +18…+23 daraja bo‘ladi.

Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi, 1-iyulda ba’zi joylarda 12−14 m/s gacha kuchayishi mumkin.