O‘mon davlat O‘zbekiston fuqarolariga mamlakatga 14 kun davomida vizasiz bo‘lib turish tartibini joriy qildi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Mamlakatda mazkur muddatdan ko‘proq vaqt mobaynida bo‘lishni istagan o‘zbekistonliklar O‘monga kirish paytida aeroportning o‘zida kirish vizasini rasmiylashtirishlari mumkin.

Tashqi ishlar vazirligining “Gazeta.uz”ga aniqlik kiritishicha, yangi qaror 14-iyundan kuchga kirgan — shu kuni Tashqi ishlar vazirligi tegishli nota olgan.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 26−27-iyun kunlari ushbu mamlakatga tashrif buyurib, diplomatik pasport egalari, shuningdek, shaxsiy va xizmat pasportlari uchun vizasiz rejim to‘g‘risidagi bitim imzolagan.

O‘mon — janubi-g‘arbiy Osiyodagi arab davlati bo‘lib, Saudiya Arabistoni, BAA va Yaman bilan chegaradosh. Shimolda O‘mon ko‘rfazi, sharq va janubda Arabiston dengizi bilan o‘ralgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston o‘monliklar uchun 2021-yilning 1-martidan boshlab 10 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qilgan.