Bosh prokuratura Diana Irtuganovaning murojaatlarida keltirilgan vajlar asosida Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan qabul qilingan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi qarori nazorat tartibida o‘rganmoqda. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar qildi.

2023-yil 13-sentabr kuni “Dunyo bo‘ylab” telekanalining “Svoimi glazami” ko‘rsatuvi boshlovchisi Ramina Yagafarova 31 yoshida Toshkentda vafot etgandi.

O‘shanda Bosh prokuratura o‘limga “doriga allergik reaksiya (levofloksatsin), miya va o‘pkaning o‘tkir shishi, o‘tkir nafas olish va yurak-qon tomir yetishmovchiligi hamda anafilaktik shok sabab bo‘lganini ma’lum qilgandi. Idora bu OAV uchun dastabki ma’lumotlar asosida tayyorlangan tezkor rasmiy izoh bo‘lganini qayd etdi.

29-iyun kuni “Gazeta.uz” sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga tayanib, Ramina Yagafarovaning o‘limiga shifokorlar xatosi bo‘lishi mumkinligini yozgan edi. Xususan, o‘limning asosiy sababi nafas yo‘llarining oziq-ovqat massalari bilan to‘sib qo‘yilishi va yuborilgan dori-darmonlarning nojo‘ya ta’siri o‘limni tezlashtirgan omillardir, deydi mutaxassislar.

Marhumning singlisi Diana Irtuganova va advokat Shuhrat Qayumov bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Chilonzor tuman prokuraturasi jinoyat ishini qo‘zg‘atishdan bosh tortgan. Qaror 15-oktabrda ya’ni 13-sentabrda boshlanib, 1-noyabrda yakunlangan dastlabki sud-tibbiyot ekspertizasi yakunlanishiga ikki hafta qolganda qabul qilingan.

“Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirish natijasiga ko‘ra, marhuma R.Yagafarovaning vafot etganligi holatida jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan. Hozirda Diana Irtuganovaning murojaatlarida keltirilgan vajlar asosida Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan qabul qilingan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi qarori nazorat tartibida o‘rganilmoqda”, — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.