O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputat Doniyor G‘aniyev sobiq deputat Rasul Kusherbayev bilan bo‘lib o‘tgan podkastda iste’molchilar uchun energiya narxining shaffofligi haqida gapirdi.

2024-yilgacha aholi uchun gaz va elektr energiyasi tariflari 2019-yil avgust oyida oshirilgan edi. Joriy yilning 16-aprelida Vazirlar Mahkamasining 1-maydan energiya narxlarini oshirish, shuningdek, ijtimoiy normalarni joriy etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

2024-yil aprel holatiga ko‘ra, elektr energiyasi narxi 1 kVt/soat uchun 1000 so‘mga yaqin, gazniki — kubometri uchun 2000 so‘m atrofida. U korxonalarning operatsion xarajatlarini, shu jumladan, investitsiya loyihalari va kredit to‘lovlarini o‘z ichiga oladi. 2023-yil sentabr oyida Energetika vazirligi 1 kVt/soat elektr energiyasi tannarxi 970 so‘m (2022-yil mayidan +21,2 foiz), gazning bir kubometri esa 1890 so‘m (+35 foiz) ekani haqida xabar bergan edi.

“Xavotir shundaki, bizning qilgan islohotimiz (birinchi bosqichda tariflarni oshirish — tahr.) bitta qadam bo‘lib, 2−3 yildan keyin yana o‘zining [ta’sirini] yo‘qotadi. Nimaga desangiz, hozir biz [narxlarni] tannarxga go‘yoki olib kelyapmiz, lekin 2−3 yilda hozirgi, energiyada shaffoflik yo‘q tizim bilan kim kafolat beradi tannarxlar yana ikki barobar oshib ketmasligiga?” — dedi Doniyor G‘aniyev.

Hukumat elektr energiyasining narxi hozirda 1 kVt/soat uchun 1000 so‘mni tashkil etishini da’vo qilmoqda, biroq “biz bilmayapmiz bu tokning tannarxi qayerdan hisoblanayotganini”, deydi G‘aniyev.

“Ya’ni gazni sotib olayotgan, qazib olayotgan xususiydan necha pulga olyapti, davlatnikidan necha pulga olyapti, qaysi kreditlarning operativ xarajatlari o‘tiribdi bu yerda, qaysi yo‘qotishlar, qaysi samarasizlik, o‘g‘riliklar, talon-torojliklar o‘tiribdi buning ichida… buni aniq bilmayapmiz, shaffof raqamlar yo‘q, afsuski. Ular bergan raqamga ishonishga majbur bo‘lyapmiz”, — dedi parlamentariy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat “narx balansini shakllantirish” uchun 2030-yilga borib qayta tiklanadigan energiyaning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushini 40 foizga oshirishni rejalashtirmoqda. Uning ta’kidlashicha, gaz va neftdan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi qimmatlashadi, shuning uchun oshgan narxni arzon quyosh va shamol elektr energiyasi hisobiga qoplash rejalashtirilgan.

2022-yil iyun oyida Rasul Kusherbayev O‘zbekiston mahalliy va xorijiy kompaniyalardan sotib oladigan gaz narxlarini ma’lum qilgandi. U xorij korxonalari narxlarining yuqoriligidan noroziligini bildirib, bunday holat “vatanidan ko‘ra pulni ko‘proq yaxshi ko‘radigan ayrim amaldorlarning qilmishlari” tufayli yuzaga kelganini ta’kidlagandi.

Moliyachi Otabek Bakirov avvalroq xarajatlar ma’lumotlarining ishonchliligiga shubha bilan qaragan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Energetika vazirligining ma’lumotlari to‘g‘ri bo‘lsa, O‘zbekiston Qirg‘izistonga gazni (2022-yilning yanvar-sentabr oylarida — 1000 kub metr uchun o‘rtacha 150 dollar), xuddi Afg‘onistonga elektr energiyasi (2022-yilda — 1 kVt/soat uchun 5 sent) bilan bo‘lganidek, o‘z qiymatidan past narxda yetkazib bergan. Uning ta’kidlashicha, elektr energiyasi va gaz narxining oshishi faqat tariflarni oshirish bilan cheklanib qolmasligi, balki butun energiya bozori isloh qilinishi kerak.

Avvalroq Germaniyada faoliyat yuritayotgan energetika mutaxassisi Ravshan Xo‘janov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida iste’molchilar yakuniy narx qanday shakllanayotgani va davlat kompaniyalari ularni ishlab chiqarish va yetkazib berishda qanday foyda qo‘yishini ko‘rishlari uchun davlatni energiya resurslarining butun tannarx zanjirini oshkor qilishga chaqirgan edi. Ma’lumotlar yashirin va noaniq bo‘lsa, jamoatchilik bunga shubha bilan qaraydi, degandi u.