Qozog‘iston moliya bozori regulyatori Toncoin raqamli aktivini litsenziyalangan savdolar uchun ma’qulladi, deb xabar berdi Ostona xalqaro moliya markaziga (OXMM) tayanib Spot.

Qaror Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi (AFSA) tomonidan “Toncoin'ning belgilangan standartlarga muvofiqligini har tomonlama ko‘rib chiqish” natijasida qabul qilindi. Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi Ostona xalqaro moliya markazida moliyaviy xizmatlarni nazorat qilish uchun tashkil etilgan mustaqil tartibga soluvchi organdir.

Endi investorlar Toncoin kriptovalyutasini AFSA litsenziyasiga ega platformalarda erkin savdo qilishlari mumkin.

Toncoin’ning OXMM tomonidan tartibga solinadigan muhitga qo‘shilishi xavfsiz va shaffof savdo imkoniyatlarini izlayotgan institutsional va chakana investorlarning yangi to‘lqinini jalb qilishi kutilmoqda.

Bu qaror Pavel Durovning Qozog‘istonga tashrifi chog‘ida qabul qilindi. Qozog‘istonning raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoati vaziri Jaslan Madiyev Pavel Durov respublikaga departament taklifiga binoan tashrif buyurganini ta’kidladi.

“Biz inson kapitali va ta’limga katta e’tibor beramiz. Hozir fikr almashyapmiz. Bizda ko‘rsatadigan narsalarimiz bor. O‘ylaymanki, u bizdan ham nimadir olib, tendensiyalarni o‘rgana oladi”, — deya izoh berdi vazir.

Toncoin — bu The Open Network (TON) blokcheyn platformasida yaratilgan kriptovalyuta. Dastlab, loyiha Telegram Open Network deb nomlangan va Telegram tomonidan blokcheyn platformasi sifatida ishlab chiqilgan. Endilikda Toncoin TON tarmog‘ida raqamli aktiv sifatida ishlatilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Pavel Durov iyun oxirida O‘zbekistonga ham tashrif buyurgandi. “Gazeta.uz”ning ikki manbasi Pavel Durov O‘zbekiston rasmiylari bilan Telegram-bank ochish, shuningdek, Toncoin kriptovalyutasini qonuniylashtirish masalasini muhokama qilgani haqida xabar berdi.