O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirish, maktablarni rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, sanitariya va gigiyena, ichimlik suv bilan ta’minlash masalalari, afsuski, to‘la hal etilayotganicha yo‘q. Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligining Natijalarga erishish ofisi (Delivery Unit) tomonidan “Gazeta.uz” uchun maxsus tayyorlangan maqolada maktablardagi ta’lim sifati, o‘quvchilar salomatligi va davomatning ichimlik suv, sanitariya va gigiyena bilan qanchalik bog‘liqligi haqida so‘z boradi.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga doir Davlat dasturida mahalliy hokimliklar zimmasiga sanitariya-gigiyena infratuzilmasini ta’mirlash zarurligini aniqlash maqsadida barcha umumta’lim maktablarini qayta inventarizatsiyadan o‘tkazish va inventarizatsiya natijalariga ko‘ra loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan.

Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligi bilan birgalikda mamlakatdagi 10 mingta umumta’lim maktabini inventarizatsiyadan o‘tkazdi. Olingan ma’lumotlar qaror qabul qilish uchun faktik asosni shakllantirish imkonini beradi. Ular o‘tgan davrdagi tendensiyalar haqida ma’lumotni o‘z ichiga oladi hamda vaziyatni yaxshiroq tushunish va oqilona qaror qabul qilishga yordam beradi. Ma’lumotlar, shuningdek, qabul qilingan strategiyalar va chora-tadbirlar samaradorligini baholash imkonini beradi. Ma’lumotlarni tahlil qilish orqali nima amalda ishlayotgani, nimani to‘g‘rilash yoki o‘zgartirish kerakligini aniqlash mumkin. Tahlil uchun ma’lumotlar turli usullar, jumladan, tekshiruvlar, so‘rovnomalar, auditlar, texnik o‘rganishlar hamda statistik ma’lumotlar va resurslardan foydalanish bo‘yicha hisobotlarni tahlil qilish orqali to‘planishi mumkin.

Strategik islohotlar agentligining Delivery Unit jamoasi butun mamlakat bo‘ylab to‘g‘ridan-to‘g‘ri maktablar ma’muriyatlarining o‘zidan ma’lumot to‘pladi. Birinchi navbatda, maktab binolari, tomlari, elektr ta’minoti tizimlari, isitish tizimlari, oshxonalar, faollar zallari, hojatxonalarning texnik holati, shuningdek, devor, pol, deraza va eshiklar holatiga baho berildi.

Veb-sayt yaratildi, kadastr ma’lumotlariga kirish, so‘rovnoma to‘ldiruvchilarni familiyasi, telefon raqami orqali tekshirish va maktablarni STIR bo‘yicha verifikatsiyadan o‘tkazish tizimi ishlab chiqildi. Bitta binoga ega maktablar uchun — 55 ta savol, ikki va undan ortiq binoga ega maktablar uchun — ko‘proq (85 tagacha) savollar tayyorlandi. So‘rovnoma to‘ldirilgach, barcha ma’lumotlar maxsus bazaga tushadi va avtomatik ravishda xaritada aks etadi. Xaritaga ulanish uchun GIS vositalaridan foydalanildi, shundan so‘ng ma’lumotlar vizualizatsiya qilindi va hududlar kesimida tahlil qilindi.

So‘rovnomada O‘zbekistondagi barcha umumta’lim maktablari ishtirok etdi. Quyidagi infografikada 9442 ta maktab bo‘yicha ma’lumotlar ko‘rsatilgan. Ma’lumotlarni yig‘ish jarayoni davom etmoqda. Ushbu maqolada ofis to‘plangan ma’lumotlarning kichik bir qismini qisqacha tahlil qiladi.

Jadal maktab qurilishi davrlari

ichimlik suv ta’minoti, maktablar, натижаларга erishish ofisi, sanitariya va gigiyena

Viloyatlar kesimida maktablar qurilishi yillari.

Mamlakatdagi eng eski maktab 1871-yilda Andijon shahrida, Mustaqillik mahallasida qurilgan. Qurilishning eng faol bosqichlarida 2006-yildan 2009-yilgacha — 1298 ta maktab va 1984-yildan 1989-yilgacha — 1391 maktab barpo etilgan.

Sanitariya va gigiyena sharoitlaridan foydalanish imkoniyati

Avvalo maktablardagi “sanitariya va gigiyena” tushunchasiga aniqlik kiritib olish muhim ahamiyatga ega. Bu kontekstda u ichimlik suv va qo‘l yuvish vositalarining mavjudligi, shuningdek, gigiyenik talablarga javob beradigan ishlaydigan hojatxonani o‘z ichiga oladi. Maktab hojatxonalarini toza suv, elementar sanitariya-gigiyena sharoitlari bilan ta’minlash bolalarga sog‘lom hayot boshlash va rivojlanish imkonini beradi.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, so‘rovnomada ishtirok etgan maktablarning 87 foizida markaziy kanalizatsiya tizimi mavjud emas.

ichimlik suv ta’minoti, maktablar, натижаларга erishish ofisi, sanitariya va gigiyena

Hatto yangi va rekonstruksiya qilingan binolarda ham maktab barcha standartlarga (yaxshilangan keng o‘quv xonalari, jozibali tashqi ko‘rinish va zamonaviy jihozlar) javob berishi va bino ichida o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun hojatxona joylashtirilganiga qaramay, bu hojatxonalar qulflangan. Natijada bolalar va o‘qituvchilar ko‘p hollarda maktab hovlisidagi elementar sanitariya va gigiyena talablariga javob bermaydigan hojatxonalardan foydalanishga majbur.

ichimlik suv ta’minoti, maktablar, натижаларга erishish ofisi, sanitariya va gigiyena

Sanitariya va gigiyena sharoitlaridan foydalanish imkoniyati.

Suv yetishmasligi muammoni yanada chuqurlashtiradi. Qo‘l yuvish va hojatxonalarni yuvish uchun suv ta’minoti mavjud bo‘lmagan holda sanitariya va gigiyena sharoitlarini joriy etish imkonsiz. Tadqiqot davomida ma’lum bo‘lishicha, maktablarning atigi 53 foizi markazlashtirilgan suv ta’minotidan foydalanish imkoniyatiga ega. Qolgan 43 foiz maktablarda quduqlardan foydalaniladi (27 foiz), suv tashib keltiriladi (11 foiz) yoki suv umuman yo‘q (9 foiz). Natijada o‘quvchilar orasida gigiyenaga rioya qilish qiyinlashadi.

ichimlik suv ta’minoti, maktablar, натижаларга erishish ofisi, sanitariya va gigiyena

Ichimlik suv manbalaridan foydalanish imkoniyati.

Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda mamlakatda virusli gepatit A bilan kasallanish 2022-yilga nisbatan ikki baravarga oshgan, ayni paytda kasallanganlik holatlarining 39 foizi maktab yoshidagi bolalarda aniqlangan. Bu kasallik sifatsiz suv ta’minoti, yomon sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilmaslik bilan chambarchas bog‘liq.

Ma’lumki, qo‘l yuvish fekal-og‘iz yo‘li bilan yuqadigan virusli jigar kasalligi bo‘lgan gepatit A yuqishining oldini olishda muhim rol o‘ynaydi. Bu virus gepatit A bilan kasallangan odamning najasi bilan aloqa qilish yoki ifloslangan suv yoki oziq-ovqat orqali yuqishi mumkinligini anglatadi. Gepatit A odamdan odamga oson yuqishi sababli qo‘llarni muntazam yuvish butun jamiyat salomatligini muhofaza qilishda muhim qadam hisoblanadi.

Bundan tashqari, so‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatadiki, suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena sharoitlarining mavjud emasligi nafaqat bolalar salomatligining yomonlashishiga, balki davomatga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Bolalarning maktab hojatxonasidan foydalanishdan qochishiga olib keladi, bu esa genitouriya kasalliklariga olib kelishi mumkin.

Maktab rahbarlarining 39 foizi hojatxonalar holatining davomatning pastligi bilan bevosita bog‘liqligiga ishonchi komil ekanligini bildirgan.

Maktablarda sanitariya sharoitlari bilan bog‘liq muammolarning sabablari va oqibatlari

ichimlik suv ta’minoti, maktablar, натижаларга erishish ofisi, sanitariya va gigiyena

Tadqiqot o‘tkazish va takliflar berish uchun sanitariya va gigiyena bo‘yicha avstraliyalik mutaxassis Mark Elleri jalb qilindi. U maktablar uchun yangi hojatxonalarni loyihalash va mavjudlarini yangilashning turli xil arzon variantlarini ishlab chiqdi.

Mutaxassisning aniqlashicha, muammolarning asosiy sabablaridan biri suv yetishmasligi va maktablar ichidagi hojatxonalarning noto‘g‘ri loyihalashtirilganligi hisoblanadi. Xandaqlarning tez to‘lib qolishi va axlatni chiqarib tashlash uchun mablag‘ yetishmasligi, shuningdek, yoqimsiz hid tufayli maktab ma’muriyati hojatxonalarni yopib qo‘yadi va bolalarni hovlida joylashgan, ko‘p hollarda qo‘l yuvish uchun suv bo‘lmaydigan hojatxonalarga yo‘naltiradi.

Hojatxonalar ichida yoqimsiz hidning oldini olish uchun betonning peshob bilan aloqa qilishiga qarshi gidroizolyatsiya ishlamaydi va axlatni yo‘q qilish (utilizatsiya qilish) tizimlari yo‘lga qo‘yilmagan, bu esa ularning tezda to‘lib qolishiga olib keladi.

Bolalar kunning asosiy qismini o‘tkazadigan maktablarda toza suv va munosib sanitariya sharoitlaridan foydalanish huquqiga ega ekanligi kundek ravshan. Bu tamoyil ko‘pchilik mamlakatlarda maktablar faoliyatida asosiy tamoyillardan biri hisoblanadi. Biroq hatto poytaxt Toshkentda ham ko‘p maktablarda suv bo‘lsa, sovun yo‘q.

O‘zbekiston maktablarda Three Stars (Uch yulduz) tizimi bo‘yicha baholanadigan WASH asosiy sanitariya va gigiyena standartlariga erishishga intilishi lozim. O‘quvchilar guruhi uchun qo‘llarni yuvishga sharoit, ozoda hamda qizlar va o‘g‘il bolalar uchun alohida hojatxonalar, shuningdek, ichimlik suv bilan ta’minlangan, sanitariya va gigiyena qoidalarini targ‘ib qilish maqsadida jamoatchilik vakillarini jalb qilgan maktablarga — bitta yulduz; o‘quvchilar ichimlik suvdan bemalol foydalanish, hojatxonadan foydalangandan keyin qo‘llarini sovun bilan yuvish imkoniyatiga ega bo‘lgan, o‘quvchilar uchun qo‘shimcha hojatxonalar mavjud bo‘lgan maktablarga — ikkita yulduz; o‘quvchilar gigiyena qoidalariga o‘rgatiladigan, nogironligi bo‘lgan o‘quvchilar uchun sanitariya imkoniyatlari mavjud bo‘lgan va mamlakatning barcha maktablarida yagona WASH standartlariga amal qilinadigan holda — uchta yulduz beriladi.

ichimlik suv ta’minoti, maktablar, натижаларга erishish ofisi, sanitariya va gigiyena

O‘zbekistonda maktablar yetarli darajada moliyaviy yordam olmaydi: masalan, maktabni saqlash uchun mahalliy budjetdan yiliga o‘rtacha 25 mln so‘m mablag‘ ajratiladi. Bolalar uchun asosiy sanitariya va gigiyena sharoitlarini ta’minlash uchun maktablarni moliyalashtirishni qayta ko‘rib chiqish va uning miqdorini oshirish zarur. Bundan tashqari, barcha hududlar suv ta’minoti loyihalarida yaqin atrofdagi barcha maktablarni suv bilan ta’minlashni ko‘zda tutilishi lozim.

Hozirgi vaqtda Delivery Unit sanitariya va gigiyena bo‘yicha navbatdagi loyihalar texnik hisobotlarini nashrga tayyorlamoqda.

Ushbu maqola Strategik islohotlar agentligining Natijalarga erishish ofisi (Delivery Unit) tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, u 2026-yilga qadar sog‘liqni saqlash, maktab infratuzilmasi va ichimlik suv sohalarida 12 ta ko‘rsatkichga erishishga qaratilgan. Maqsadlardan biri 1500 ta maktabni yaxshilangan infratuzilma, jumladan, ichimlik suv, qo‘l yuvish uchun suv va yaxshilangan hojatxonalar bilan ta’minlash bilan bog‘liq.

Ofis muntazam ravishda muhim tashabbuslarni jamoatchilik bilan baham ko‘rishni, ularni muloqotga taklif qilishni va sharhlarda takliflar almashishni rejalashtirmoqda. Delivery Unit tomonidan taqdim etilgan avvalgi maqolalar bilan quyida tanishish mumkin.