“Gazeta.uz” 2024-yil 1-iyuldan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Fuqarolarga protsessual hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashiladi.

Bunda fuqarolarga bepul birlamchi yuridik yordam ko‘rsatishning quyidagi tartibi joriy qilinadi:

  • Adliya vazirligi tomonidan “Madad” NNT bilan hamkorlikda respublikaning barcha tuman va shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlarida “Madad” NNTning huquqiy maslahat byurolari bosqichma-bosqich tashkil qilinadi;
  • huquqiy maslahat byurolari tomonidan aholiga bepul huquqiy maslahatlar beriladi, shuningdek, nizolarni sudgacha va sud orqali hal etishda zarur bo‘ladigan protsessual hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashiladi.

2. Ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy hujjatlarni sudgacha ko‘rib chiqishning yangi tartibi joriy etiladi.

2026-yil 1-iyulgacha huquqiy eksperiment tariqasida Toshkent shahrida qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha ma’muriy hujjatlarni sudgacha ko‘rib chiqishning yangi tartibi joriy etiladi.


3. EHMlar uchun dastur va ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnomalarni davlat xizmatlari markazlari orqali topshirish imkoniyati yaratiladi.

Aholi va tadbirkorlik subyektlarining intellektual mulk sohasidagi huquqlarini himoya qilish maqsadida:

  • elektron hisoblash mashinalari uchun dastur va ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnomalarni davlat xizmatlari markazlari va YAIDXP (my.gov.uz) orqali topshirish imkoniyati yaratiladi;
  • intellektual mulk obyekti ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi QR-kod bilan muhofazalangan elektron hujjat berish tartibi joriy etiladi.

4. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face ID) usuli joriy qilinadi.

Bunda:

  • Mobile ID tizimida fuqarolarni identifikatsiya qilish ularning xohishiga ko‘ra ID karta va xorijga chiqish biometrik pasportini davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtirish jarayonida kompozit shaklda amalga oshiriladi;
  • avval davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan (davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani to‘g‘risida guvohnoma berilgan yoki huquqni belgilovchi hujjatga ustxat yozish yo‘li bilan tasdiqlangan) va hozir ham amalda bo‘lgan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron tarzda davlat reyestriga kiritish va bu haqida davlat reyestridan ko‘chirma berish bepul amalga oshiriladi;
  • noturar joylarni boshqa shaxsga o‘tkazishga oid bitimlarni rasmiylashtirish bitim tomonlari davlat xizmatlari markaziga kelgan va ularning shaxsi markaz xodimi tomonidan aniqlashtirilgan holda amalga oshiriladi hamda rasmiylashtirilgan bitim bir vaqtning o‘zida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun kadastr organlariga yuboriladi.

5. Ayrim kasallikka chalinganlar bepul davolanadi.

Onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan 18 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan (21 yosh ham kiradi) bemorlar belgilangan tibbiyot markazlarining bolalar gematologiyasi va onkologiyasi bo‘limlarida, shuningdek, ular voyaga yetgunlariga qadar ushbu kasallik bo‘yicha tibbiy yordam ko‘rsatgan boshqa tibbiyot tashkilotlarida bepul davolanishni davom ettiradi.


6. “Shaffof qurilish” tizimida yordamchi pudrat tashkilotlari ro‘yxatga olinadi.

“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida avtomobil yo‘llari va yo‘l inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashda qiymati 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan loyihalar bo‘yicha jalb qilinadigan yordamchi pudrat tashkilotlari ro‘yxatga olinadi.


7. 6 ta shaharda suv ta’minoti xususiy sektorga o‘tkaziladi.

Tajriba tariqasida Kogon, Shirin, Yangiyer, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida ichimlik va oqova suv ta’minoti davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga topshiriladi.


8. “Ijtimoiy himoya” ATda moddiy yordam va boshqa ijtimoiy xizmatlarning hisobi yuritiladi.

Moddiy yordam va boshqa ijtimoiy xizmatlarni hisobga olishning yagona tizimini yaratish orqali har bir fuqaro (oila) uchun belgilangan ijtimoiy to‘lovlar, taqdim etilgan imtiyozlar, shu jumladan, subsidiyalar, xizmatlar va yordamlarning har bir fuqaro kesimida “Ijtimoiy himoya” axborot tizimida hisobi yuritiladi, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ochilgan davlat jamg‘armalari va boshqa jamg‘armalar integratsiya qilinadi.


9. Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarda korporativ kotibiyat tashkil etiladi.

Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, jumladan, boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish uchun kuzatuv kengashiga bo‘ysunadigan korporativ kotibiyat tashkil etiladi.

Shuningdek, korporativ boshqaruvning yangilangan qoidalari va axloq kodeksi joriy etiladi.

Bundan tashqari, kuzatuv kengashining bayonnomalarini masofadan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda elektron ovoz berish byulletenlari orqali rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi.


10. Xususiy bandlik agentliklariga ayrim xizmatlar uchun haq undirishga ruxsat etiladi.

Xususiy bandlik agentliklariga xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan shaxslarga O‘zbekiston tashqarisida ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatganlik uchun haq undirishga ruxsat etiladi.


11. Mahallalarda dasturlar doirasida ajratilgan kreditlar monitoring qilinadi.

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi vakolatli banklar bilan birgalikda mahallalarda dasturlar doirasida ajratilgan kreditlardan maqsadli foydalanilishi monitoringini va ularning samaradorligini baholash mexanizmini joriy etadi.


12. Dorilar bilan bog‘liq potensial xavf-xatarlarni tezkor aniqlashga qaratilgan farmakologik nazorat tizimi tashkil etiladi.

Bunda:

  • dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi, ulgurji hamda chakana realizatsiya qiluvchi tashkilotlar aholini sifati, xavfsizligi va samaradorligi kafolatlangan dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan tashkilot sifatida e’tirof etiladi hamda ularga nisbatan davlat nazoratini amalga oshirishning alohida qoidalari belgilanadi;
  • dori vositalaridan foydalanish bilan bog‘liq potensial xavf-xatarlarni tezkor aniqlash va ularga javob berishga qaratilgan, xalqaro standartlar talablari asosida farmakologik nazorat tizimi tashkil etiladi;
  • dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi, ulgurji hamda chakana realizatsiya qiluvchi tashkilotlarda ularga berilgan litsenziya talablariga rioya etilishini bir yilda ko‘pi bilan bir marotaba vakolatli organni xabardor etish orqali nazorat qilish tartibi joriy etiladi;
  • dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarni teleradiokanallar orqali reklama qilish uchun ishlab chiqilgan kontent Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan xulosa asosida efirga uzatiladi;
  • yangi tashkil etiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar saqlanadigan bojxona omborlari va erkin omborlar majburiy ravishda “Zarur saqlash amaliyoti — GSP” talablariga muvofiq tashkil etiladi.

13. To‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari ustav kapitali miqdori oshiriladi.

To‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilishi va faoliyat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, ustav kapitalining eng kam miqdori to‘lov tizimi operatorlari uchun 50 mlrd so‘m, to‘lov tashkilotlari uchun 10 mlrd so‘m e’tib belgilanadi.


14. Qarz yuki ko‘rsatkichi o‘zgaradi.

2025-yil 1-yanvarga qadar qarz beruvchi tomonidan mikroqarzlar ajratishda jismoniy shaxsning qarz yuki ko‘rsatkichi 60% dan oshmasligi kerak.


15. IT yo‘nalishida 1 mlrd so‘mgacha grantlar ajratiladi.

Raqamli texnologiyalar sohasida IT ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun har yili o‘tkaziladigan tanlov asosida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki orqali quyidagi pozitsiyalar bo‘yicha 1 milliard so‘mgacha grantlarni ajratish tizimi joriy etiladi:

  • istiqbolli g‘oyaga — 150 million so‘m;
  • mahalliy bozorga ixtisoslashgan loyihaga — 300 million so‘m;
  • jahon bozoriga ixtisoslashgan loyihaga — 1 milliard so‘m.

16. Yo‘l bo‘yidagi maktablar oldida fotoradarlar o‘rnatiladi.

Yo‘llar bo‘yida joylashgan maktablar oldida, kamida 4 tasmali yo‘llardagi piyodalar o‘tish joylarida hamda yo‘l-transport hodisalar o‘choqlarida bosqichma-bosqich qoidabuzarliklarni aniqlovchi maxsus fotovideo qayd etish vositalar o‘rnatiladi.

Mazkur vositalar “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” respublika jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Qoidabuzarliklarni aks ettiruvchi fotomateriallar kamida 730 kun, videolar kamida 90 kun saqlanadi.