Toshkent shahri Advokatlar palatasi a’zosi Davron Ahmedov 29-iyun kuni vazirlik va idoralar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot chog‘ida advokaturani rivojlantirish, advokatlarning tergovchi va prokurorlar bilan tengligini ta’minlash bo‘yicha qator takliflarni bildirdi.

Unga ko‘ra, tergovchi bojxona, soliq va boshqa davlat organlari ma’lumotlariga kirish imkoniga ega, shuning uchun u so‘rov bo‘yicha zarur ma’lumotlar va hujjatlarni to‘plashi mumkin. Biroq, masalan, advokat 10 oy davomida tergovda qatnashadi, ammo har doim ham tergov hujjatlaridan foydalana olmaydi.

“Tergovchi nima yig‘di, nima qo‘ydi, qanaqa xulosa oldi… bilmaymiz. Tergov tugadi deylik 5 oydan keyin, orada 10−15 kun vaqt bo‘ladi sud boshlangunga qadar, tergovchi ayb qarorini chiqaradi, ayblov xulosasini tasdiqlaydi, ayblov xulosasini beradi, sizning vaqtingiz bor, tanishib chiqing, deydi… 10−15 kun ichida siz tergovchi 10−8−5 oy yiqqan dalilga qarshi qanday dalil yig‘ishingiz mumkin?.. Bu notenglik… Jinoyat-protsessual qonunchilikka o‘zgartirish kiritish kerak. Xorij davlatlarida bor bu narsa: muayyan tergov hujjatlariga „dostup“ berish kerak advokatga. Ya’ni u o‘z vaqtida uni olishi kerak, tanishib chiqishi kerak va o‘sha olgan hujjatlariga qarshi o‘z dalillarini yig‘ishi kerak”, — dedi u.

Advokatning eslatishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga advokatlar talablarini e’tiborsiz qoldirganlik uchun davlat organlariga nisbatan jarima solishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilgan. Uning fikricha, protsedurani takomillashtirish kerak, chunki ba’zi muassasalar tijorat, davlat va boshqa sirlarga asoslangan ma’lumotlarni taqdim etishdan bosh tortmoqda.

“Hattoki Davlat xizmatlari agentligi ham javob bermaydi bizga… Bu ham muammo, chunki advokatlik faoliyati to‘g‘risidagi qonunlarda yozib qo‘yibdiki, advokat davlat siri, tijorat sirini saqlaydi, agar noqonuniy oshkor qilsa, bu uchun javobgarlik belgilangan. Tergovchida ham bor bunaqa javobgarlik, sudda ham bor. Nega endi ular tergov uchun olar ekan-da, advokatga bir xil javobgarlik bor, lekin advokatga tijorat siri ishlaydi, bank siri ishlaydi, davlat siri ishlaydi?.. Natijada biz o‘z vaqtida ma’lumot ololmaymiz, kechikishga to‘g‘ri keladi, xizmat ko‘rsatishimiz va huquqiy himoya qilishimiz orqaga cho‘ziladi”, — dedi u.

Davron Ahmedov fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilishdagi muammoga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Javobgar agar fuqaro bo‘ladigan bo‘lsa, uning shaxsga oid ma’lumotlarini taqdim etish kerak sudga — familiyasi, ismi, sharifi, qayerda yashashi, pasport nusxasi. Lekin oddiy fuqaroda, oddiy tadbirkorda bo‘lmaydi bu ma’lumot. Chunki „Forma 1“ ichki ishlar organlarida bo‘ladi, prokuraturada, sudda bo‘ladi. Advokatda „dostup“ yo‘q. Biz bilamiz javobgarning ismini, familiyasini. Sharifini ham bilmaymiz, yashash joyini ham bilmaymiz. Bu tadbirkorga ham, advokatlarga ham huquqni himoya qilish uchun sudga berishga to‘siq”, — dedi u.

Xuddi shunday muammo davlat xizmatchisiga nisbatan da’vo arizasi bilan ma’muriy sudlarga murojaat qilganda ham yuzaga keladi. U advokatlarga “Forma 1"ga kirish imkoniyatini berishni taklif qildi.

Advokatlar palatasi vakili Davlat xizmatlari agentligining ilgari himoyachilar uchun bepul bo‘lgan pullik xizmatlaridan ham shikoyat qildi. Uning fikricha, bu “adolatga bo‘lgan “dostup"ni cheklaydi”.

“Oxirgi 4−5 yil ichida qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritildi va Davlat xizmatlari agentligidan ma’lumot olish ham pullik bo‘lib qoldi. Qani endi tenglik bu yerda agar tergovchi bilan sud bitta ajrim bilan xohlagan narsasini olsa? Advokat advokatlik so‘rovi yuboradi, keyin javob qaytaradi, pulini to‘lang deydi, borib pulini to‘laysiz, undan keyin xizmatni qabul qilasiz. Ma’lumot olish ham pullik bizga”, — dedi u.

Davron Ahmedov sud jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida yoritish muammosini ham ko‘tardi.

“Xorijiy mamlakatlarida, biz ko‘rganmiz, tartibga solingan bu narsa, bugungi kunda bizda tartibga solinmagan. Bir xil holatda sud xohlasa, ruxsat beradi kirishga, videoga olishga, tasvirga olishga, ko‘rsatishga, bir xil holatda ruxsat bermaydi. Ya’ni buning yagona reglamenti bo‘lishi kerak yoki Oliy sud Pleniumi qarori bo‘lishi kerak qaysi holatlarda qanday qilib olish mumkin, nimani olish, nimani yoritish mumkinligi haqida”, — dedi u.

Advokatning qayd etishicha, sud majlisiga advokatlarga telefon olib kirish taqiqlangan, ayblov tomoni esa mobil qurilmalardan bemalol foydalanayotgan holatlar hamon uchramoqda.

Shuningdek, u sudlarda videokonferensaloqa tizimi faqat Android tizimida ishlashini aytdi. Advokat iOS uchun versiyani ishlab chiqish orqali dasturni unifikatsiya qilishni taklif qildi.