Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida yashash uyida giyohvand modda o‘stirayotgan fuqaro ushlandi, deb xabar bermoqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati.

29-iyun kuni “Qoradori-2024” tadbirida Tuyagum mahallasida yashovchi A.K.ning (1971-yilda tug‘ilgan) yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Unda aniqlanishicha, u uyidagi ekin maydonida 13 tup marixuana giyohvand o‘simligini parvarishlab kelgan.

Shuningdek, A.K. 10 dona 3 litrli idishda 12 kg 537 gr ko‘knori boshoqlari, 2 dona 3 litrli idishda 2 kg 570 gr marixuana moddasi, oq polietilen paketda 41 gr gashish giyohvandlik moddasi hamda oq polietilen qopda 22 kg 550 gr ko‘knori somoni saqlab kelayotgani aniqlangan.

Jami olingan giyohvand moddalar miqdori 37 kilogrammdan ziyodni tashkil qilgan. Ushbu daliliy ashyolar tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.