Kun.uz nashrida Buxoro viloyatida 16 yoshli bola va 17 yoshli qizning nikoh to‘yi bo‘lgani haqida material e’lon qilingandi. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova holat kuzatuvga olinganini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, 29-iyun kuni Buxoro shahrida oilalarning o‘zaro kelishuvi asosida 2008-yilda Shofirkon tumanida tug‘ilgan A.A. (o‘g‘il bola) va 2007-yilda Qorako‘l tumanida tug‘ilgan R.N.ning (qiz bola) nikoh to‘yi bo‘lib o‘tgan.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borildi, deb ta’kidladi bolalar ombudsmani.

Uning qo‘shimcha qilishicha, 2-iyul kuni voyaga yetmaganlarning ota-onalarini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47−3 moddasi (Nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish) bilan ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan hujjatlar sudga yuborilgan.

Surayyo Rahmonova Oila kodeksining 15-moddasiga asosan, nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilanganini eslatdi.

“Bu qonuniy talabning buzilishi bolaning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlash hamda jismoniy, aqliy va ma’naviy uyg‘un ravishda kamol topish huquqlariga mutlaqo ziddir”, — deya ta’kidladi u.