Siyosat
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qozog‘istonga boradi
Shavkat Mirziyoyev 3−4-iyul kunlari amaliy tashrif bilan Qozog‘istonda bo‘ladi va SHHT davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etadi. Tashrif doirasida xorijiy delegatsiya rahbarlari bilan uchrashuv ham o‘tkaziladi.
Shavkat Umurzoqov Toshkent shahri kengashining deputati etib saylandi
Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining deputati etib saylandi.
Iqtisodiyot
“Hukumat gaz subsidiyalariga 9,5 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilmasligini bildirdi” — deputat
2024-yilda gaz subsidiyasiga 9,5 trln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan mablag‘ ajratilgan, biroq uning 85 foizi birinchi chorakda o‘zlashtirib bo‘lindi, dedi hukumat a’zolarining so‘zlariga tayangan deputat Doniyor G‘aniyev. Ammo unda subsidiyalar hajmi va ijtimoiy sohada o‘zlashtirilmagan xarajatlarga oid savollar tug‘ilgan.
Jamiyat
“Vahshiylarcha munosabat qilib, ukamni o‘ldirishdi” — IIB binosida vafot etgani aytilayotgan erkakning akasi
“Gazeta.uz” Toshkent viloyati Bekobod shahri IIB binosida kaltaklanib vafot etgani aytilayotgan 43 yoshli erkakning akasi bilan suhbatlashdi. U voqea qanday bo‘lgani, xodimlarning xatti-harakati hamda adolat istayotgani haqida gapirdi. Hozirda ish doirasida 1 nafar IIB xodimi qamoqqa olingan.
“Bu adolatga kirishni cheklaydi”. Advokat — tergovchilar va himoyachilar imkoniyatlaridagi tengsizlik haqida
Advokat Davron Ahmedov tergovchilar va himoyachilar imkoniyatlari teng emasligi, shu sababli advokatlar tergov hujjatlarini o‘rganish, dalillarni tayyorlashga ulgurmasligi, idoralar esa maxfiyligini aytib, so‘rovlarga e’tibor bermasligini ta’kidladi. Yig‘ilishlarni OAVda yoritish masalasi ham to‘liq hal etilmagan.
Toshkentda avtobuslardagi konditsionerlar qaysi vaqtlarda ishlashi kerak?
Poytaxt avtobuslarida yo‘lovchilar kunduzi transportda konditsionerlar o‘chiqligidan shikoyat qilmoqda. “Gazeta.uz” sovitish tizimi qaysi soatlar oralig‘ida ishlashi, salondagi harorat qanday bo‘lishi va tartib qoidasi buzilganda yo‘lovchilar qayerga murojaat qilishi mumkinligiga aniqlik kiritdi.
O‘zbekistonda tungi vaqtda shovqin ko‘targanlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
O‘zbekistonda tungi vaqtda fuqarolarning osoyishtaligi hamda normal dam olishini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Bu uchun jarima fuqarolar uchun BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdorlarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha etib belgilanmoqda.
Farg‘onada fuqaroning yashash uyidan 37 kg narkotik topildi
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida erkak uyida 13 tup marixuana o‘stirayotgani aniqlandi. Tezkor tadbir davomida jami 37 kilogrammdan ziyod giyohvandlik moddasi topildi.
Xorazmda korxona yerni sug‘orish uchun 2,2 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangani aniqlandi
Urganchda faoliyat olib boruvchi MCHJ yer maydonini sug‘orish uchun suv nasoslarini elektr hisoblagichga yashirincha ulab, 2,2 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bosh prokuratura departamenti yana 3 ta viloyatda shu kabi holatlarni fosh qildi.
Uchta tuman hokimi o‘rinbosarlari pora olishda gumonlanib ushlandi
DXX Taxiatosh, Bo‘ston va Bo‘ka tumanlari hokimlari o‘rinbosarlarini pora olishda gumonlab qo‘lga oldi. Xususan, Taxiatosh hokimi o‘rinbosari fuqaroga hokimlik balansidagi buzilishga tushgan uyni fuqaroga rasmiylashtirib berish evaziga 35 mln so‘m talab qilgan.
Guliston shahri ETK boshlig‘i pora olishda gumonlanmoqda
Guliston shahri elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i 90 mln so‘m pora olishda gumonlanmoqda. U tadbirkorning elektr ta’minotidagi 200 mln so‘mdan ortiq qarzdorligini kamaytirib berishni va’da qilgan.
Endi yangi haydovchilik guvohnomalarini onlayn olish mumkin
O‘zbekistonda endi yangi haydovchilik guvohnomalarini onlayn tarzda olish mumkin (ilgari faqat almashtirish mumkin edi). Hujjatni eng yaqin Davlat xizmatlari markazidan olish yoki pochta orqali uyga buyurtma qilish mumkin.
Urganch tumani qurilish bo‘limi sobiq boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Urganch hokimligi yerini berish komissiyasi mansabdorlari, xususan, qurilish bo‘limi sobiq boshlig‘iga nisbatan jinoyat ishi ochildi. Ular 1,5 ga ekin maydonini savdo shoxobchasi qurish uchun ajratib bergan. Shuningdek, 15 ming kv. m. qishloq xo‘jaligi yerida turar joy qurishga ruxsat berib, 756 mln so‘m zarar yetkazgan.
Sport
Abdumalik Xalokov va Zaynab Dayibekova Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida bayroqdor bo‘ladi
Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida bokschi Abdumalik Xalokov va qilichboz Zaynab Dayibekova O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdorlari bo‘ladi. G‘oliblarga Tokiodagi kabi oltin medal uchun $200 ming, kumush uchun $100 ming, bronza sohibiga esa $50 ming beriladi. Sportchilar 7Saber brendi ostidagi formada qatnashadi.
Jahon
AQSh Oliy sudi Trampning jinoiy ta’qibdan qisman daxlsizligini tan oldi
AQSh Oliy sudi sobiq prezidentlarning jinoiy javobgarlikka tortilishdan qisman daxlsizligi haqida qaror chiqardi. Sud bu qarorni Donald Trampning Kapitoliyga bostirib kirishga aloqadorligi haqidagi ish bilan bog‘liq da’vosi bo‘yicha qabul qildi.
Isroil harbiy rahbarlari o‘q-dori taqchilligi fonida G‘azoda sulh tuzish tarafdori — NYT
Isroil harbiy rahbariyati snaryadlar taqchilligi sharoitida, hatto HAMAS hozircha hokimiyatda qolsa ham, G‘azoda sulh tuzish tarafdori, deb yozdi New York Times. Bu, harbiylarga ko‘ra, guruh qo‘lidagi garovga olinganlarni ozod qilishning eng yaxshi yo‘li bo‘ladi.
AQSh ishchilarni issiqdan asrash standartlarini qabul qilishni rejalashtirmoqda
AQSh Mehnat vazirligi mamlakatda ilk bor ishchilarni anomal issiqdan himoya qilish bo‘yicha standartlarni taklif qildi. Agar u tasdiqlansa, ish beruvchilardan issiq harorat bilan kurashish rejalariga ega bo‘lish va ishchilarga soya hamda suvdan foydalanish imkoniyatini berish talab qilinadi.
Bizni o‘qiyotganingiz uchun rahmat!